TATU talabalari mobil ilova orqali velosipedlarni ijaraga olish loyihasini taqdim etdi
Poytaxtimizda «Best Soft Сhallenge-2017» eng yaxshi dasturiy ta’minot vositalari respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Joriy yilda tanlov tartibiga bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Avvalgi tanlovlarda ishtirokchilar faqat tayyor dasturiy yechimlarni namoyish qilishgan bo‘lsa, bu gal ishlanmalarning loyihalari va g‘oyalarini ham taqdim etish imkoniga ega bo‘lishdi.
2017-yilning 4-avgustidan 31-oktabriga qadar software.uz portaliga tanlov bo‘yicha 306ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 40tasi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning final bosqichi 2017-yilning 30-noyabr va 1-dekabr kunlari Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti binosida o‘tkazildi, unda Toshkent shahri va respublikamizning besh viloyati (Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm) ishtirokchilari o‘z loyihalarini shaxsan hamda video-konferensiya orqali namoyish qilishdi.
Hakamlar hay’ati har bir loyihaning dolzarbligi, o‘ziga xosligi, foydalanilgan texnologik yechimlar va interfeysning qulayligini baholadi.
Ijodiy guruhimiz bilan ishlab chiqqan “VeloBOT” loyihamiz “Aqlli shahar” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Uning afzalligi shundaki, poytaxt ko‘chalarida velosiped hududlari, bekatlari tashkil etilib, ularda velosipedni ijaraga olgan yo‘lovchi qancha vaqt yurganiga qarab to‘lovni terminal yoki naqd ko‘rinishda to‘lashi mumkin. Har bir transport qurilmasiga GPS navigatori o‘rnatiladi va velosipedni ijaraga olgan yo‘lovchi uni bir bekatdan ikkinchisiga bemalol tashlab ketaveradi.
Miroqil Yorqulov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi
Tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra, quyidagi ishlanmalar va g‘oyalar tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi:
«Aqlli shahar» yo‘nalishi bo‘yicha
1-o‘rin: «VeloBOT» — mobil ilova va bloklash/blokdan chiqarish qurilmasi yordamida velosipedlarni ijaraga olish bo‘yicha loyiha.
2-o‘rin: «Mobil kutubxona: shu yerda va hoziroq o‘qing» — jamoat joylar (bekatlar, maktablar va boshqa)da tarqalgan virtual nuqtalardan QR-kod orqali kutubxonaga kirish uchun ruxsat beruvchi tizim.
3-o‘rin: «UyJoy360» — tasvirni 360 darajadagi formatda ko‘rish imkoniyatini beruvchi ko‘chmas mulkni sotish/sotib olishga mo‘ljallangan loyiha.
Kompyuter va mobil o‘yinlar yo‘nalishi bo‘yicha
1-o‘rin: «Mylab» — interaktiv shaklda kimyoviy tajribalarni o‘tkazish imkoniyatini beruvchi interaktiv sayt.
2-o‘rin: «NEO QUIZ» — o‘yin shaklida o‘quvchilarni testdan o‘tkazish tizimi.
3-o‘rin: «Binary Game» — ikkilamchi hisob timizini o‘rganishga yordam beruvchi mobil ilova.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha
1-o‘rin: «VR Tours» — VR-texnologiyalar yordamida O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan joylari va obidalari to‘g‘risida mustaqil ravishda ob’yektlarni yuklash imkoniyatini beruvchi loyiha.
2-o‘rin: «Delivery System» — savdo nuqtalari bo‘yicha mahsulotlarni yetkazib berishni nazorat qiluvchi tizim.
3-o‘rin: «Delivery food (Food express)» — Samarqand restoranlaridagi taomlarga buyurtma berish va yetkazib berish tizimi.
«AKT sohasida innovatsion g‘oya» yo‘nalishida
1-o‘rin: «Seсurity PHP Wall» — MAS-manzilli (kompyuter) qurilmaga maxsus PHP boshlang‘ich kodini shifrlash uchun mo‘ljallangan dastur.
2-o‘rin: «Mening virtual olamim» — bulutli texnologiyalar yordamida ishlovchi virtual ish stoli.
3-o‘rin: «E-kutubxona» — kutubxonaga kirish ruxsatini beruvchi va buyurtmalarni berish imkoniyatini yaratuvchi mobil ilova.
Shuningdek, ishtirokchilarning yoshi jihatidan tanlov shartlariga to‘g‘ri kelmasa-da, «Alpomish» xalq dostoni asosida kompyuter o‘yini yaratgan 12-13 yoshli qizlarga ham tanlov sertifikati topshirildi. Ular ikki yildan buyon Toshkentdagi INHA universitetida joylashgan «Сodesraft» bolalar uchun dasturlash kurslarida tahsil olishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter