Tashqi qarz: o‘zni va o‘zgalarni aldashga ne hojat?
Mamlakatimizning, jumladan, moliyaviy mustaqilligiga go‘yo befarq bo‘lmayotgan ayrimlar shu kecha-kunduzda «O‘zbekiston boy tabiiy zaxiralariga ega bo‘la turib, uning tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyojini qanday tushunish mumkin?» degan va ko‘rib turganingizdek, «tushunmovchilik» xarakteriga ega bo‘lgan savolni ham kun tartibiga qo‘yayotirlar. Bunga nima deymiz? «Otasiga rahmat! To‘g‘ri savolni ko‘tarishayapti!» deylikmi? Yoki «och qornim — tinch qulog‘im» tarzida ish tutib, osongina «taslim» bo‘lamizmi? Balki, har narsaga qiziquvchan va bilishga intiluvchan oddiy xalqimizga hayot ob’yektiv realligini aytishdan bosh tortishimiz kerakdir?...
Boshqalarni bilmadim-u, lekin yuqoridagi «variant»larda ish tutish — tabiatimga zid. Tuqqanimga yoqmasa ham, doimo to‘g‘risini aytishni odat qilganman. Shuning uchun bu safar ham borini — bor, yo‘g‘ini — yo‘q demoqchiman.
«Tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyoj» va «boy tabiiy zahiralar» o‘rtasida o‘zaro vobastalik bo‘lishi kerakmi? Sirtdan qaraganda, Sizga shunday bo‘lishi kerakdek tuyulmayaptimi? Faqat Siz emas, balki boshqalar ham xuddi shunday o‘ylashi mumkin. Haqiqatan ham, «boy tabiiy zahiralar»ga ega bo‘lsak, tashqi qarzga ne ehtiyoj? O‘sha ehtiyojlarimizni «boy tabiiy zahiralar» hisobidan qondirsak, buning nimasi yomon? Shundaylikka shunday bo‘lishi mumkinku-ya, biroq...
Qurg‘ur ana shu «biroq» yana hamma narsaning «beliga tepadi»-qo‘yadi-da. Quyida ana shu «biroq»larning ayrimlari xususida to‘xtalamiz.
Pul bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar shunchalik murakkab, qaltis, nafis va shunchalik «g‘alati»-«ajoyib»ki, bu narsa qarzni, shu jumladan, tashqi qarzni ham chetlab o‘tmagan. Bu, eng avvalo, shunda namoyon bo‘ladiki, butun dunyo-i-olamda «boy tabiiy zahiralar»ga ega bo‘lib turgan biror-bir davlat hali-hamon biror marta ham «O‘zimniki o‘zimga yetadi. Men tashqaridan qarz olmayman!» demagan. Tarixga bir nazar soling: dunyo davlatlari orasida bunday «mard» — bo‘lmagan. Hozir ham — yo‘q. Kelajakda ham — bo‘lmaydi. Nega? Buning sababi — juda oddiy: u yoki bu ehtiyojni qarz va shu jumladan, tashqi qarz hisobiga qondirish shu narsani mamlakat ichkarisida bo‘lgan «boy tabiiy zahiralar»dan foydalanish hisobiga qondirishdan doim arzonga tushadi. Buning ustiga, vaqtdan ham yutamiz. Holbuki, vaqt — bu ham pul. U, kezi kelganda, eng qimmat pul tarzida baholanishi ham mumkin.
Shunday ekan, O‘zbekiston zaminida Mendeleyev davriy tizimidagi barcha elementlar bor bo‘lsa ham, bu hali tashqi qarzning o‘rniga o‘shalardan foydalanish mumkinligini anglatmaydi. Zero, ularning «aaaancha»si yer qa’rida «yashirinib» yotibdi. Avvalo, ularni qidirib topib, ishlov berish kerak. Buning ustiga, «Tashqaridan qarz olishning o‘rniga mana mendan foydalaning!» deb foydalanishga tayyor turgan qazilma boyliklarimiz ham — barmoq bilan sanarli darajada. Shuningdek, ulardan foydalanish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Ular ham «otni kallasidek» mablag‘larning xarj qilinishini taqozo etadi.
Buning ustiga, har bir mamlakatning «boy tabiiy zahiralar»i «bugun yeb ketish»ga mo‘ljallanmagan. Ulardan kelajak avlod ham — umidvor.
Shu o‘rinda, «Yuqori iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan dunyo mamlakatlari bugungi kunda bu masalada qanday ish tutayotgan ekanlar?» degan savolning javobini topish va undan tegishli mantiqiy xulosani chiqarish ham prinsipial ahamiyatga ega. Qarabsizsizki, «qurmag‘ur»larning barchasi o‘zlarining tabiiy zahiralarini «bosib» yotganligi ma’lum bo‘ladi. Masalan, AQShni olib qarang. Bu davlat shu paytgacha biror marta ham «O‘zimizda ham neft konlari bor. Ulardan foydalanaylik. Quvaytdan yoki Amirliklardan neft olishimizga ne hojat?» demadi-ya? Dunyo siyosiy xaritasiga bir qarang: Quvayt qayerda-yu, AQSh qayerda? Hatto o‘rtadagi minglab kilometr yo‘llar ham inobatga olinmayapti...
Qarabsizki, u yoqdan qarasangiz ham, bu yoqdan qarasangiz ham «muammo» tabiiy zahiralar va tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasida o‘zaro vobastalik bo‘lishi mumkin emasligi foydasiga hal bo‘lmoqda. Shunday ekan, o‘zni va o‘zgalarni aldashga ne hojat?...
Tohir MALIKOV
iqtisod fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter