«Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumi ochildi
Joriy yil 22-23-aprel kunlari Toshkent shahrida «Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumi o‘tkaziladi.
Bugun, 22-aprel kuni ushbu forumning ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Forumning maqsadi — huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlarni namoyish etishdan iborat.
II Xalqaro yuridik forumda Singapur adliya vaziri Kasivisvanatan Shanmugan, Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenko, Buyuk Britaniya adliya vaziri Lord Devid Volfson, Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava, Koreya Respublikasi huqumat qonunchiligi vaziri Li Kan-Sop, Qozog‘iston Respublikasi adliya vaziri Marat Beketayev, Ozarbayjon Respublikasi adliya vaziri Fikrat Farrux o‘g‘li Mamedov, Belarus Respublikasi adliya vaziri Oleg Slijevskiy, Shri-Lanka adliya vaziri Ali Sabrilar ishtirok etmoqda.
Forum doirasida davlatning huquqiy siyosati, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy (ingliz) huquqi tizimi, Koronavirus cheklovlari davrida mediatsiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, siyosatni amalga oshirish (policy implementation), sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash hamda boshqa dolzarb mavzularda muhokama sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, «Davlat xizmatlari sohasidagi ilg‘or amaliyot», «Raqamli muhitda huquqiy axborot tarqatish istiqbollari», «Elektron notariat», «Advokaturani rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyatini takomillashtirish» mavzularida davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi. «Ma’lumotlar va axborotni boshqarish» mavzuida master-klass ham o‘tkazilshi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter