Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixdagi eng dahshatli sovuqlar

Tarixdagi eng dahshatli sovuqlar

Bu yil qish o‘zgacha keldi. Anomal sovuq, aniqrog‘i, u haqdagi xabar va ma’lumotlar odamlarni vahimaga soldi. Qor ham yaxshigina yog‘di, hali yana yog‘ishi kutilmoqda. Xo‘sh, ko‘hna tarix qanday ayozlarni boshdan o‘tkazgan? O‘n, ming yillar muqaddam tabiat odamzodni qay darajada hayratga solgan edi?

So‘nggi 500 yil mobaynida 1708-1709-yillarni eng sovuq yillar deyish mumkin. O‘shanda Sena va Temza muzlagan, Angliya qirg‘oqbo‘yi suvlari va hatto Venetsiya tevaragidagi Adriatika dengizi ham yaxlagan. Aytishlaricha, daryodagi baliqlargacha muzlagan. Birgina Parijning o‘zida 24 ming odam o‘lgan. Sovuq Shimoliy Amerikaning sharqiy qismini ham zabt etgan edi.

Solnomalarda yozilishicha, 401 va 801-yillardagi qish faslida Qora dengiz «to‘lqinlari qotib qolgan».

839-yilda Adriatika dengizi shu qadar muzladiki, Venetsiyaga piyoda o‘tish mumkin edi. Oradan 850 yil o‘tib, bu hodisa takrorlandi.

1010-1011-yillarda dahshatli ayoz Qora dengizning turk sohillarini zabt etdi. Qaqshatqich sovuq Afrikaga qadar yetib, Nilning quyilish qismi muzlagan.

1322-yili Boltiq dengizi shu qadar qalin muz bilan qoplandiki, Daniyadagi Lyubekdan (hozir Germaniya tarkibida) Pomeraniya qirg‘oqlarigacha chanada borishardi.

1316-yilda Parijning barcha ko‘priklari muzlagan.

1326-yilda O‘rta yer dengizi muz bilan to‘liq qoplangan.

1420-yili Parijda sovuq oqibatida dahshatli o‘limlar ro‘y bergan. Bo‘rilar shaharga yugurib kirib, har joyda ko‘milmay yotgan murdalarni g‘ajigan.

1558-yilda 40 ming odamdan iborat butun boshli armiya muz qoplagan Dunayda turar, ularning oyoqlari ostidagi muzlik qilt etmasdi. Fransiyada esa yaxlagan vinoni bo‘laklab sotishgan.

XVIII asr ayozi haqida termometr ixtiro qilingani tufayli aniq ma’lumotlar mavjud. 1709-yili bir necha kun davomida -24 daraja sovuq bo‘lgan. Yerto‘ladagi vinolar yaxlagan va qo‘ng‘iroqlar jaranglaganida yorilib ketgan.

«Yozsiz yil» yoxud «Ming sakkiz yuz tiriklay muzlaganlar» — 1816-yilni Yevropa va Amerikada shunday nomlashgan. O‘shanda qish aprelgacha cho‘zilgan, ammo keyin ham yoz kirib kelmagan edi. Fransiya va Germaniyada may oyidan avgustga qadar deyarli to‘xtovsiz yomg‘ir yog‘ishda davom etgan.

O‘shanda don-dun butunlay chirib ketgan. Ekinlarda zaharli qora zamburug‘lar hosil bo‘lib, katta miqdorda iste’mol qilgan odamlarni ich ketishi va azobli o‘lim bilan nobud qilgan. Yevropada nonning narxi 10 baravar ko‘tarilib ketgan, odamlar Germaniyani yoppasiga tark etishni boshlagan.

Yevropadagi o‘sha anomal havo Indoneziyaning Sumbava yarimorolidagi Tambora vulqonining otilishi bilan bog‘liqligi hozirga kelib aniqlangan. Vulqon otilishi kuchi Yaponiyaning Xirosima shahridagi atom bombasi portlashidan 70 baravar kuchli edi. Qurbonlar soni 71 ming — boshqa birorta vulqon otilganida bunday natija qayd etilmagan. Tambora sochib yuborgan sulfat kislota va kul qismlari sayyoraga ulkan xavf solgan va aynan shu omil noqulay ob-havoga sabab bo‘lgan.

XX asrning 1953-1954-yillarida noyabrdan aprelgacha Atlantikaning katta qismidan Uralga qadar sovuq zabtiga olgan. Oqibatda Qora dengizning shimoliy qismi va Azov dengizining butun havzasi muzlagan.

2002-yili Germaniyada kuchli ayoz tufayli Yevropa suv transportining muhim qon tomiri hisoblangan Mayn-Dunay kanaligacha kemalar qatnovi to‘liq to‘xtagan. 20 ta kemani qoplagan muzning qalinligi ba’zi joylarda 70 santimetrgacha yetgan.

O‘shanda qahraton sovuqdan Venetsiya qo‘ltig‘i, qayiqlar muzqoyaga aylandi. Bungacha ushbu qo‘ltiq 1985-yilda muzlagan edi.

2005-yili Parijdagi Eyfel minorasi sayyohlar uchun bir necha soatga yopildi. Fransiyaning diqqatga sazovor ushbu inshooti to‘liq muz bilan qoplangan edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring