Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanzila Norboyeva: «Muammolarimiz yetarlicha»

Tanzila Norboyeva: «Muammolarimiz yetarlicha»

Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning yettinchi yalpi majlisida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilinib, ma’qullandi. Parlament yuqori palatasi raisi mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan jihatlarga urg‘u berdi.

– «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun haqiqatdan ham o‘ta muhimdir, – dedi Senat raisi T.Norboyeva. – Mazkur yo‘nalishda yillar davomida talaygina muammolar to‘planib qolganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu jumladan, nogironligi kundek ravshan bo‘lgan insonlarni har safar qayta-qayta ko‘rikdan o‘tkazish, tekshirish amaliyoti ham yo‘q emas. Qonunda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlikni belgilash jarayonini soddalashtirish bo‘yicha aniq normalar belgilanganini ham e’tirof etishimiz kerak.

Yana bir muhim masala, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda statistikani tartibga solish kerak. Nogironlik masalasini tahlil qilish, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy hayotga to‘liq integratsiya qilish uchun bunday shaxslar, ularning soni, istiqomat qilayotgan hududlar, nogironlik darajasi hamda shu kabi muhim jihatlar to‘g‘risida aniq ma’lumotga va tasavvurga ega bo‘lishimiz shart. Aks holda, amalga oshiriladigan ishlar to‘liq bo‘lmaydi, qaysidir qatlam, qaysidir insonlar e’tibordan chetda qolib ketaveradi.

Bundan tashqari, xalqaro mezonlardan kelib chiqib, mamlakatda nogironligi bor shaxslar uchun «to‘siqsiz muhit»ni shakllantirishimiz lozim.

Bu borada muammolarimiz yetarlicha. Kundalik hayotimizda – transport, ovqatlanish shoxobchalari, xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, madaniy-ko‘ngilochar maskanlarda nogironligi bor shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratilmaganiga ko‘p duch kelamiz. Tabiiyki, bu ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy hayotga integratsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratish kerak. Ular jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini doimo his qilishlari lozim. Avvalo, bu masalaga jamiyat qarashini, munosabatini o‘zgartirish kerak. Bu esa, ishni o‘rta va uzoq muddatli, aniq strategiya va yo‘nalishlarga asoslangan holda tashkil qilishni talab etadi. Bunda nafaqat tashkiliy-huquqiy, balki axloqiy mezonlarga ham ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq, — deydi Senat raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring