Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tajimuratovni yelkasiga o‘tqizib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan» — ayblov xulosasi e’lon qilindi

«Tajimuratovni yelkasiga o‘tqizib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan» — ayblov xulosasi e’lon qilindi

Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan sud majlisida davlat ayblovchisi tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmuni quyidagicha bo‘ldi.

D.Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan.

L.Kallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan.

A.Turdanov 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarni ishtirok etishini ta’minlagan va D.Tajimuratovni yelkasiga o‘tqizib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan.

A.Smetullayev va D.Djiyemuratov 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham faol ishtirok etib, D.Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlar.

B.Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilgan.

B.Seytniyazov Qozog‘iston Respublikasidagi «Allayar joli» diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D.Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan.

A.Toqimbetov 2 iyul kuni Xo‘jayli tumanida yig‘ilgan odamlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi mustaqil bo‘lishi lozimligini ma’lum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilib, ularga yetakchilik qilgan.

Q.Seytimov 2 iyul kuni Qorao‘zak tumanida odamlarni to‘plab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan.

A.Nuratdinov 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan.

S.Medetov 2 iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan.

N.Nayipov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan.

P.Shamshetov 2 iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham ularda faol ishtirok etgan.

R.Bekmuratov 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohati yetkazib, «PM» markali pistoletini olib qo‘ygan.

S.Kaipov 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohati yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan.

B.Genjebayev 2 iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Farg‘ona viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni to‘xtatib, ularga tan jarohati yetkazib, 3,6 mln. so‘m miqdoridagi pullarini va qat’iy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yo‘li bilan olib qo‘ygan.

S.Kalilayev 2 iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi ShTABiga o‘t qo‘yib, mulklarini nobud qilgan.

P.Nurniyazov 2 iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yo‘llarni to‘sib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan.

S.Kalimov 1 iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, o‘t qo‘ygan.

N.Sultamuratov 2 iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yo‘llarni to‘sgan.

A. Temirxanov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xo‘jayli guzari ko‘chasida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.

A. Adilbekov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.

Sud ishi davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston voqeasida jami 18 nafar fuqaro halok bo‘lgan, ularning 4 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bo‘lgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring