Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlar jamg‘armasi kompaniyaga aylantirildi

Tadbirkorlar jamg‘armasi kompaniyaga aylantirildi

Bugun, 1 dekabr kuni Toshkent shahrida «Iqtisodiy islohotlar doirasida kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, «Biznesni rivojlantirish banki», Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspert-olimlari, tadbirkorlik va fermerlik sub’yektlari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish, aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlariga doir ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Kichik va o‘rta biznes har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Ular innovatsiyalar dvigateli bo‘lib, ish o‘rinlarini yaratish, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Statistik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, 2023 yanvar-sentyabr holatiga birgina kichik biznesning YaIMdagi ulushi 51.2% ni tashkil etmoqda.

Biroq tadbirkorlar o‘z salohiyatlarini to‘la ishga solishlari uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur. Muhtaram yurtboshimizning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotlarida ham tadbirkorlarni eng ko‘p qiynagan masala aynan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish bo‘lgan edi (jami murojaatlarning 26 foizi).

Shu maqsadda «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi» «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil qilinishi belgilandi.

Davra suhbati davomida kompaniya tomonidan 2024 yil 1 martdan boshlab kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, 2023 yil 10 noyabrdagi Prezident qaroriga ko‘ra, mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, aholining keng qatlamlari tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshirilishi belgilandi.

Davra suhbatida mikromoliyaviy xizmatlar faoliyatini tashkil qilish orqali oldinga qo‘yilayotgan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida so‘z yuritildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring