Yosh tadbirkor 50 ta xonadonni otaliqqa oldi
Qahramonimiz – Namangan shahridagi «Imron tekstil gruup» korxonasi rahbari, faol yosh tadbirkor, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasining viloyat bo‘yicha koordinatori Islombek Qutfiddinov bilan qisqa suhbatlashdik.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kechayotgan pandemiya davrida, ayniqsa, tadbirkorlar o‘rnak bo‘lishmoqda. Ular qo‘llaridan kelganicha karantin paytida qiynalib qolgan odamlarga saxovat ko‘rsatishmoqda.
– Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishda imkon qadar o‘zimizning xayriya ishlarimiz bilan ishtirok etmoqdamiz. Quvonarlisi, «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasining imtiyozli kreditidan foydalanib, ishlab chiqarish faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan yigit-qizlar ham tashabbus bilan chiqishmoqda. «Bizdan nima yordam, qanday xizmat bor. Mablag‘imiz va oziq-ovqat mahsulotlarimiz bilan ko‘mak berishga tayyormiz», deyishyapti.
O‘zim tadbirkor sifatida 50 ta xonadonni otaliqqa oldim. «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga ham 50 million so‘m o‘tkazdim. Biz beparvo emasmiz, biz mehr ulashamiz! Xudoxohlasa, tez orada shu sinovli kunlar tugab, xalqimiz va Prezidentimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi!..
Darhaqiqat, Islombek singari shahdi baland namanganlik ko‘plab tadbirkorlar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ijtimoiy daxldorligi yuksak biznesmenlarimiz safi ortaversin, ilohim. Zero, muborak Ramazon oyida ehtiyojmand va yordamga muhtoj kishilarga xayru saxovat qilishning ajru mukofoti bisyordir.
Orifjon Jo‘rayev yozib oldi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter