Tabiat ham hazil tuyg‘usiga ega
Comedy Wildlife Photography Awards xalqaro tanlovi tabiatni sevuvchilar tomonidan haqli ravishda dunyodagi eng kulgili va eng ommabop deb hisoblanadi. Bu hayvonlarning tabiiy yashash joylarida olingan kulgili fotosuratlar tanlovidir.
Comedy Wildlife Photography Awards g‘oyasiga 2015-yilda professional fotograflar Pol Joynson Xiks va Tom Sallam tomonidan asos solingan.
Mavjud qoidalar ishtirokchilarga o‘z ishlariga faqat asosiy tuzatishlar kiritishga imkon beradi, ammo tasvirning yaxlitligini o‘zgartiradigan har qanday harakatlar qat’iyan man etiladi.
Tanlovda eng omadlilar emas, balki eng sabrli va diqqatli ishtirokchilar g‘olib chiqadi.
2023-yilda tanlovda 85 mamlakatdan 1842 kishi qatnashib, ular 5300 ta ish yuborgan.
Mutlaq g‘olib «Yer mavjudotlari» nominatsiyasida avstraliyalik Jeyson Murning «Kenguruning havo gitarasi» fotosurati g‘olib bo‘ldi.
«Ushbu surat 2021 yil avgust oyida (janubiy yarim sharda qishning oxiri), G‘arbiy Avstraliyaning Pert shahri chekkasida olingan», – deydi Jeyson Mur. – Yorqin sariq gullar ochilib yotgan ochiq maydonda o‘tlab yurgan kulrang kengurular podasi yonidan o‘tdim. Men bir necha surat olish uchun to‘xtadim. Va to‘satdan men kenguralardan biri kulgili ko‘rinish olganini payqadim: menga u gitara chalishni mashq qilayotgandek tuyuldi.
Singapurda fotograf Otter Kvek nodir kadrni suratga olishga muvaffaq bo‘ldi, unda qunduz raqs tushayotganga o‘xshardi. Muallif o‘z asarini «Balerina qunduz» deb nomladi. U «Suv osti dunyosi» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Otter Kvek: «Qunduz sakrab, daraxt barglardan ushlashga harakat qildi va g‘ayrioddiy raqs tushayotgan holatda oyoqqa turdi. Men tanigan balet o‘qituvchisi ushbu fotosuratga izoh berdi: qunduz juda yaxshi va tabiiy, lekin u qornini biroz tortishi kerak.»
«Kashanda tulki»ga qarab, hayratingiz oshadi. Fotosurat muallifi Dakota Vakkaro. Hayvonning kutilmaganda tishlari orasidagi yog‘och bo‘lagi kuba sigaretiga juda o‘xshash ajoyib va esda qolarli syujetni yaratdi.
«Virjiniyadagi uyim yonida joylashgan tashlandiq uyning tagida kulrang tulkilar oilasi yashaydi», – deb izohlaydi Dakota Vakkaro. – Bir kuni tulki bolasi ovchilik mahoratini mashq qilib yurganida, yog‘och bo‘lagini og‘ziga olib aylana boshladi. O‘yindan charchagan tulki bolasi og‘zidagi cho‘p bilan uzala tushib yotib oldi va bu tayoq emas, tamakidek taassurot qoldirdi.
Polshalik havaskor fotograf Yatsek Stankevichning «Munozara» surati o‘smirlar nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Unda ulg‘aygan, lekin hali kichkina jo‘ja ota-onasi bilan bahslashadi yoki jinoyatchiga ishora qilib, kimdandir shikoyat qiladi.
«Men bu manzarani Belovejskaya Pushchada qushlarni tomosha qilayotganda ko‘rib qoldim, – deb eslaydi Yatsek Stankevich. – Yosh jo‘jani hali ham ota-onasi boqardi. Biroq, vaqti-vaqti bilan qushlar nimadir haqida bahslashayotganga o‘xshardi.»
Zoe Esdaunning «Yaxlit oila uchun birga» surati uchun qushlar atayin suratga tushayotganga o‘xshaydi! Baxtli qushlarga qarab, ushbu lahzani suratga olish uchun qancha kadrlar ketganini tasavvur qilish qiyin emas.
«Martdan oktyabrgacha 500 mingga yaqin dengiz qushlari jo‘jalarini uyalash va ko‘paytirish uchun Shimoliy dengizga qaragan qoyalardan foydalanadilar, – deydi Zoi Esdaun. – Har safar qushlar kelganda, ularning bir-birlariga bo‘lgan mehrini ko‘rish mumkin edi. Qushlarning maxsus salomlashish marosimi bor: ular tumshug‘ini bir-biriga tekizadilar va bo‘yinlarini bir-biriga bog‘laydilar.»
Zerikarli dushanba va yangi ish haftasini boshlash qiyinligi haqida «gapiradigan» Jon Blumenkampning «Dushanba kuni» fotosuratiga qarab, siz beixtiyor qushlarning ham qiyin kunlari borligiga ishona boshlaysiz.
Isroillik fotograf Saxi Finkelshteynning «Baxtli toshbaqa» suratida ninachi botqoq toshbaqasining burniga qo‘ngancha uni tabassum qilishga undamoqda.
Jak Pularning «Qor to‘pi» fotosurati Shpitsbergda olingan. Juda sovuq qishda tuvaloq patlarini shu qadar hurpaytirdiki, u ko‘zlari bor dumaloq qor to‘piga o‘xshardi.
Delfina Kazimirning «Dendi tropik o‘rmonda» surati Balidagi maymunlar yashaydigan o‘rmonda olingan.
«Ba’zan ular shou qilishadi, ba’zida ular hasharot topish uchun sizning ustingizga chiqishadi yoki siz yemoqchi bo‘lgan pechene bo‘lagini o‘g‘irlashadi», – deb eslaydi Delfina Kazimir Baliga qilgan sayohatini.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter