Tabiat tomon bir qadam – «Surxon» davlat qo‘riqxonasiga safar
Qo‘riqxonalarning vazifasi va tabiat xilma-xilligini saqlashdagi ahamiyati juda muhim. Buni hech kim inkor etmaydi. Qo‘riqxona – tabiatdagi muvozanatni loaqal hozirgi darajada saqlab qolish uchun inson tomonidan sodir etilayotgan salmoqli urinish. Eng qizig‘i – qo‘riqxonada o‘simliklar va hayvonlarni insondan insonning o‘zi muhofaza qiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan hafta avvalida mana shunday maskanlardan biri - Surxon davlat qo‘riqxonasiga jurnalistlar uchun safar tashkil qilindi.
Qo‘riqxona bizga ko‘hna yurtimizning betakror go‘zalligini eslatib turadigan qadrli maskan, tabiatning sof manzaralari saqlanib qolgan manzil. «Surxon» davlat qo‘riqxonasidagi jonli tabiat manzarasi bilan yuzma-yuz keliboq, bunga ishonch hosil qilish mumkin. Qo‘riqxona Ko‘hitang tog‘larining sharqiy yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan 850 metrdan 3137 metrgacha balandlik sari go‘zallashib, yuksalib, xilma-xillashib boraveradi. Sherobod tumaniga qaraydigan bu hudud Turkmaniston Respublikasining davlat chegarasigacha qadar cho‘zilib ketgan.
Qo‘riqxona 1986 yilda tashkil topgan bo‘lib, 23406.4 gektarlik maydonda yastanib yotadi. Shundan 12109,2 gektari o‘rmonlar bilan qoplangan. Qo‘riqxona hududi qulaylik nuqtai nazaridan 7 bo‘lim, 10 aylanma va 14 kvartalga ajratilgan. Har bir bo‘lim o‘z ichiga muayyan aylanma va kvartallarni oladi.
Qo‘riqxonada 807 turdagi o‘simlik asraladi, shulardan 47 xili O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Qo‘riqxonada hozirgacha umurtqali hayvonlardan 26 tur sut emizuvchilar, 137 tur qushlar, 24 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 5 tur baliqlar , jami 194 tur hayvonot dunyosi vakillari uchrashi aniqlangan. 25 tur hayvonot dunyosi vakillari O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan hayvonlardan 18 tur hayvon Halqaro TMQI «Qizil kitob» iga kiritilgan bo‘lib, mazkur noyob turlaridan morxo‘r yoki burama shoxli echki, buxoro tog‘ qo‘yi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida qo‘riqxonada hayvonlarning sanog‘ini yuritish, ularni brakonerlardan himoyalash va yashash areallarini aniqlash maqsadida qo‘riqxonaga 22 ta maxsus fotoqopqonlar o‘rnatilgan. Kunora ana shu fotoqopqonlarga muxrlangan tasvirlar olinadi.
Qo‘riqxonadagi hayvonlar tabiiy yo‘sinda oziqlanib, ko‘payib, loaqal azim yurtimizning kichik bir hududida tabiat mikrotizimini tashkil etib, rivojlantiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter