Svetlana Ortiqova «Xabar.uz» jurnalistiga: «Savolni hozir bering...»
Kecha Bosh prokuratura Akademiyasida mahkama rahbari o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qiynoqlar, ularning oldini olish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar mavzuida brifing o‘tkazganidan xabaringiz bor. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ishtirok etgan mazkur tadbir xususidagi avvaligi xabarlarda qayd etilganidek, qiynoqlar barham topishi o‘rniga, aksincha, keyingi paytlarda biroz ko‘paygan hatto.
Svetlana Boymirzayevnaga ko‘ra, qiynoqqa solish holatlarining (keyingi uch yilda) 80 foizi ichki ishlar organlarida (33ta) yuz bergan: qolgan 20 foizi DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Yana bir kutilmagan holatki, Majburiy ijro byurosining 1 nafar xodimi ham fuqaroni qiynoqqa solgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Tadbir bahs-munozara va savol-javoblarga ancha boy o‘tdi. Bahs-u munozaralar yana-da qizg‘in (va uzoqroq) kechishi mumkin edi, biroq S.Ortiqovani yalong‘och qo‘l bilan «tutib bo‘lmasligi» bunga ko‘pam yo‘l qo‘ymadi. Shuningdek, opaning ayni mahorati muxbirlarning savollaridan «burchakka qadalayotgan» boshqa mutasaddilar joniga oro kiritganini ham aytish shart.
Xullas, tadbirga ajratilgan vaqt bir zumda o‘tib (OAV xodimlari nazdida, albatta), S.Ortiqova «...hammaga rahmat» deyishga chog‘lanar ekan, savol berishga ulgurmagan jurnalistlarning qo‘lini havoda muallaq qoldirgisi kelmay, uch nafar muxbirga (savol berishga) izn berish imkoniyatini havola etdi: faqat qisqa va lo‘nda bo‘lsin!
Ikki nafar hamkasbimizning savoli va unga berilgan javoblarga kutilganidan ko‘proq vaqt oldi. Shundog‘am tadbir uchun belgilangan vaqt tugab bo‘lgani, shunga qarmay savol-javoblar davom etayotganidan ayrim ishtirokchilarda bilinar-bilinmas bezovtalik boshlandi. Vaziyatdan kelib chiqib (tadbir tezroq tugashini sabrsizlik bilan kutayotganlarga savol yoqarmidi?!), «Xabar.uz» muxbiri savol berish fikridan qaytgani, tadbir haqida yozajak xabariga uni (berolmay qolgan savolini) tirkab ketajagini ma’lum qildi.
Biroq muxbirimizning bu gapiga bosh prokuror o‘rinbosariga qo‘shilmadi: «Savolni hozir beraqoling, bilamiz, keyin nimalar deb yozvorishingizni...».
Savollar andoq edi:
- Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevga: kelayotgan murojaatlar, unda ko‘tarilayotgan masalalar zalvoridan kelib chiqilsa, ularning qonuniy hal etishga qo‘lingiz kaltalik (ya’nikim, vakolatingiz torlik) qilmayaptimi? Shu ma’noda «Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga ehtiyoj bor, deb hisoblaysizmi?
- Bosh prokuror o‘rinbosariga: bugun qiynoqlarga oid anchagina jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘nlab xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgani aytildi. Nega shu jinoyatlar tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida doim ham e’lon qilinavermaydi?
Ulug‘bek Muhammadiyev Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonun yangi tahrirda qabul qilinishiga ehtiyoj borligini aytdi. Xususan, mamlakat rahbarining bola huquqlarini muhofaza qilish tizimini yanayam takomillashtirish to‘g‘risidagi qaroridan keyin ayni ehtiyoj zaruriyatga aylanganini aytib, yangi tahrirdagi qonunda Ombudsman va uning joylardagi vakillarining huquq va vakolatlari qayta va jiddiy ko‘rib chiqilishidan umidvor ekanini bildirdi.
Svetlana Ortiqovaning javobi qisqa bo‘ldi: «Fikringizga qo‘shilaman». Shunday deb yonida o‘tirgan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbariga (Hayot Shamsutdinov) qaradi. O‘z navbatida Hayot Shamsutdinov ma’noli qimirlab qo‘ydi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter