Surxondaryoda shifokor ayovsiz do‘pposlandi
Surxondaryoda uch nafar fuqaro shifokorni kaltakladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 27 oktyabr kuni soat 15:20 da Angor tumani tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo‘limida it tishlagan bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan shifokor J.E.ning huzuriga 3 nafar fuqaro salomatligi to‘g‘risida ma’lumotnoma yozib berishini so‘rab kelgan.
Shifokor ularga qabulidagi bemorga yordam ko‘rsatayotganini, ma’lumotnomani esa shundan so‘ng yozib berishini aytgan. Bundan norozi bo‘lgan fuqarolar shifokor J.E.ni ayovsiz do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.
O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar davomida shifokor J.E.ga bosh miya yopiq jarohati, og‘iz pastki lab yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng son yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va teri osti gematomasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari lat yeyishi, kuchli qontalash tashxisi qo‘yilgan.
Hozir tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan ushbu fuqarolarga nisbatan Angor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
«Oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor va hamshiralarga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanishi kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Angor tumanida sodir bo‘lgan yuqoridagi holat esa mazkur jarayonni yanada jadallashtirish zarur ekanini yana bir bor ko‘rsatdi», deyiladi munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2019—2022 yillar davomida O‘zbekistonda 290 ga yaqin holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter