Surxondaryoda prokuror kasalxonadagi ayolni «so‘roq» qilganmi? Rasmiy ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Boysun tumani prokurori kasalxonada yotgan ayolni so‘roqqa chaqirdi» nomli video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, Tez tibbiy yordam Boysun tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i K.A. va katta hamshira G.R. 2019-2022 yillarda o‘zlarining ixtiyorida bo‘lgan jami 220,7 mln. so‘m ish haqini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari holati yuzasidan 10.06.2023 yilda IJQKD tuman bo‘limi tomonidan ularga nisbatan O‘zbekiton Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan G.R. sog‘ligi yomonlashganligini ro‘kach qilganligi sababli 03.08.2023 yil soat 15-30da tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shu kuni birlashmaning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vrach-reanimatolog tomonidan G.R.ga neyroz sirkulyator distoniya aralash turi hamda astenonevrotik sindromi kabi tashxislari qo‘yilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan.
Shu kabi, 04.08.2023 yilda Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vrach-nevropotologi tomonidan G.R.ga ko‘rikdan o‘tkazilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan va unda biror-bir potologik reflekslar kasalligi aniqlanmagan. 05.08.2023 yil soat 16:45da G.R.ning sog‘ligi qoniqarli bo‘lganligi sababli uyiga javob berilgan.
Tergov davomida, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi sababli ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan.
G.R.ning kasal holida so‘roq qilish tergov harakatiga jalb etish uchun tuman prokuraturasiga olib borilgani holati rad etildi.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter