Surxondaryoda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash 90 foizga yetkaziladi
Aholining hayot sifati va salomatligi omillaridan biri — toza ichimlik suvi. Lekin bugungi kunda Surxondaryo aholisining atigi 58 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, xolos. Bugungi taqdimotda ana shu muammo va uning yechimlari haqida ham gap bordi.
Ta’kidlanishicha, viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori yuqori.
Shu bois Prezident o‘tgan yili To‘palang suv omboridan tarmoq tortish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, ishga kirishilgan. Bugungacha 47 kilometr quvur tortilib, ichimlik suvi Sariosiyo markazigacha olib borilgan. Yil yakunigacha Denov va Sho‘rchi tumanlariga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, bir kecha-kunduzda 200 ming kub metr suv tozalash inshooti, qariyb 400 kilometr magistral quvur tortiladi. Natijada hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash 90 foizga yetadi.
Davlatimiz rahbari buning uchun tuman va mahallalar ichidagi quvurlarni ham tiklash, yangi tarmoqlar qurish va sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter