Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriyadan kelgan reys. Yoki mo‘min bir chuqurdan ikkinchi marta chiqarilmaydi

Suriyadan kelgan reys. Yoki mo‘min bir chuqurdan ikkinchi marta chiqarilmaydi

Foto: azon.uz

Kuni kecha bortida bir yuz ellik nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bo‘lgan samolyot Suriyadan poytaxtimizga eson-omon qo‘ndi.

Mamlakat rahbarining siyosiy idorasi va tegishli organ mutasaddilarining sa’y-harakati bilan maxsus reys orqali bir yuz ellikdan ortiq yurtdoshimiz (ayollar va yosh bolalar) bir necha yildan buyon xunrezliklar makoniga aylangan  o‘lkadan olib kelindi.

Tom ma’noda tarixiy voqelik bu.

Insonparvarlikning yana bir namunasi.

Bu borada ishlar davom ettirilmoqda. Demak, ayni mavzu haqida ko‘p va xo‘p yoziladi.

Taniqli islomshunos Mubashshir Ahmad  ayni voqelik yuzasidan quyidagicha mulohaza bildirdi.

***

Kecha Shom (Suriya)dan kelgan reysni yangi bir davrning mantiqiy va zohiriy yakuni deya ko‘rish mumkin. Aslida bu davr tugashi aniq bo‘lgandi, allaqachon tugagandi ham. Kechagi voqea esa buni hammaning ko‘z oldida tasdiqlab berdi, xolos.

Bu davr bir o‘n yillikni to‘liq qamrab oldi. Yakuni esa hammamizga dars va ibrat bo‘lishi kerak. Alohida bu davrning yuzaga kelishiga jihodga bo‘lgan mas’uliyatsizlarcha chaqiriq, musulmon birodarlarga madad berish da’vosi va dinni yaxshi bilmaslik kabilar sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, bunga ichkaridagi turli omillar ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ammo yechim Shomga borib «jihod» qilish emasdi-da!

Bu ishlarning noto‘g‘riligini butun dunyo ulamolari, xususan, diyorimizda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari boshchiliklarida ulamolar ta’kidlab kelishdi. Uning jihod emasligi va yomon oqibatlaridan ogohlantirib turishdi.

Bu davr tugagan bo‘lsa, nega yana eslamoqdamiz? Maqsad, bunda adashgan toifalarni malomat qilish va yiqilganni tepkilash emas. Shundoq ham ular Shom fojialaridan achchiq saboqlar olishgan bo‘lsa kerak. Aytmoqchi bo‘lganimiz mazkur fojiadan biz, ya’ni muammo tashqarisidagilar ham saboq olishimizda.

Biz qanday darslar va ibratlar olishimiz kerak:

  1. 1. Dinning nusrati qurol bilan kelmaydi. Qo‘lidagi qurol nari tursin, hatto o‘qini ham dushmanidan oladigan jangchining muhorabadagi ayanchli holatini so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Yana deng, o‘sha «jangchi» faqat o‘zining musulmon birodariga qurol o‘qtaldi, xolos.
  2. 2. Islomga faqat shijoatning o‘zi bilan xizmat qilib bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lganda, hozir Shomda vaziyat boshqacha bo‘lgan bo‘lardi. Balki dinning nusratiga ixlos, ilm, hikmat va to‘xtovsiz mehnat orqali erishiladi. Bu ishlar shijoatga solishtirganda juda og‘ir va mashaqqatli vazifalardir. Chin musulmonlar ana shu maydonlarda harakat qilishadi. Shundanmi, ulamolar Shom qirg‘inlariga ketganlarni qo‘rqoqlar, deya atashgan. Chunki biz sanab o‘tgan maydonlarda turib berishda o‘ziga ishonmagan kishilar, o‘zini Shomga urishdi, og‘ir vazifalardan shu yo‘l bilan «qutilishdi».
  3. 3. Suriyadagi urush shar’an jihod maydoni bo‘la olmasdi.Balki u yerlik aholining zolim hukmronga qarshi isyoni edi. Bu isyon shar’an to‘g‘ri bo‘lganmi, yo‘qmi, bu katta ulamolarning ijtihod va ixtilofi edi. Ammo nima bo‘lganda ham vatandoshlarimiz borib, aralashadigan muammo emas edi. Bu tomondan ham hamyurtlarimiz noto‘g‘ri ish qilishgandi.

Bulardan boshqa yana ko‘plab muammo va masalalar bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring