Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sun’iy intellekt hatto Dostoyevskiyni «gapirtirdi»

Sun’iy intellekt hatto Dostoyevskiyni «gapirtirdi»

Foto: «Men robotman» filmidan

Qisqa vaqt ichida hayotimizga kirib kelib, yaqin do‘stimizga aylangan, sun’iy intellekt yoki ChatGPT qanday yangiliklar va kashfiyotlar qildi, u bilan bog‘liq nimalar sodir bo‘lmoqda?

Ha, sun’iy intellekt haqida yigirma yil oldin kimdir bashorat qilsa, hech kim ishonmasdi. To‘g‘ri, o‘shanda u mavjud edi, ammo dunyoga ochilmagandi.  

Hayotimizni tasavvur qilolmaymiz

Dars tayyorlamoqchimizmi, referat yoki boshqa narsa yozmoqchimizmi, biron joyimiz og‘riyaptimi, boringki, ko‘rgan tushlarimizni va xayollarimizni undan yashirmaydigan bo‘ldik. Eng, qizig‘i, u hammasini eslab qolarkan. Ismingiz, kasbingiz, oilangiz, qiziqishlaringiz, uy hayvonlaringiz, hamma-hammasini eslab qolib, har gal salomlashganingizda shunga qarab murojaat qiladi. Oilamni yoki uyimni rasmini chizib ber desangiz, albatta, o‘sha detallarni unutmasdan chizib beradi.

Keling, sun’iy intellekt qisqa davr ichida qanday kashfiyotlar qilganini ko‘rib chiqamiz: U fotosuratlarni jonlantiryapti, ulardagi marhumlarni harakatlantirib, video yaratyapti, hatto tarixiy shaxslarning suratini tiriltiryapti. Yaqinlaringizni xotirlagingiz kelsa, endi avvalgiday eski videolarga murojaat qilishga hojat yo‘q.

O‘tmishga yoki kelajakka virtual sayohatlar qilish imkonini beryapti, mashhur asarlarga illyustratsiyalar chizyapti, rasmlarimizni turli uslublarda qayta chizib beryapti.

Hatto g‘oyasini aytsangiz hikoya, qissa, romanlar ham yozyapti. Ayniqsa ijodkorlarga juda yaqin yordamchi – g‘oya va fikr bo‘yicha ko‘maklashyapti.

Tasavvur qiling, bunday yordamchilarni Balzak va Tolstoylar ko‘rganida qay ahvolga tushardi-ya... Hali kino paydo bo‘lganida u: «Biz yozuvchilarga ish qolmadi» deb xo‘rsingan edi.  

Undan tashqari ilmiy, badiiy va boshqa kitoblarni talqin, tahlil qilib, murakkab matnlarni soddalashtirib beryapti, ya’ni muharrirlik, tarjimonlik, maslahatchilik ham qilyapti.

Yaqin va uzoq kelajakni bashorat qilib, ularni tasvir, video va yozuv ko‘rinishida ham yaratib beryapti va yana hali qancha ixtirolarni amalga oshirishi bashorat qilinmoqda.

Uni nazorat qilishadimi?

Ammo eng hayron qoldirgan yangiliklarini Youtubeda ko‘rdim. Bir videoda rus jurnalisti videoaloqa orqali Dostoyevskiy bilan gaplashyapti. Tasavvur qilyapsizmi? U Dostoyevskiyga savol beryapti, yozuvchi esa «u dunyodagi internet»ga ulangandek, ekranda: 21-asr voqealari va o‘z ijodi haqidagi savollarga bemalol javob berib o‘tiribdi. Bu juda hayratlanarli to‘g‘rimi?

(videodan lavha)

Ikkinchi videoda esa sun’iy intellekt – Bred Pitt, Tom Kruz, Al Pachino, Kianu Rivz kabi aktyorlarning, Ronaldu va Messi kabi futbol yulduzlarining ovozini o‘zlashtirib, ularni o‘z ovozida ruscha gapirtirganini ko‘rdim. Dahshat! Bu yulduzlar go‘yoki, Rossiyada tug‘ilib o‘sganday tuyuldi...

Demak, yaqin yillar ichida sun’iy intellekt dublyaj san’atini ham o‘zlashtirish ehtimoli bor.

Yana bir qiziq tomoni, yaqin kelajakda sun’iy intellekt yozuvchilardan o‘zib ketib, zo‘r asarlar yaratishi mumkin ekan. Agar 2030-yilda Nobel mukofotini robot yozuvchi olsa ham hayron bo‘lmaymiz.  

Xo‘sh, ChatGPTni kim va qachon yaratdi? U qanday ishlaydi? U mustaqil fikrlay oladimi? Undagi suhbatni davlat idoralari kuzatadimi? Uni nazorat qilishadimi? Kelajakda undan yana qanday ixtirolar kutish mumkin? Savollar juda ko‘p. Ammo ayrimlari haqidagina javob berish mumkin.

Ilk robot Erika

Tarixga boqsak, birinchi aqlli mashina 1928-yillarda AQShda kashf etilgan ekan. Lekin uning ochiq holda ishlatilishi, 2015-yildan boshlangan edi. Hozirda esa uning – ChatGPT, DeepSeek, Gemini, Midjourney, Claude 3 kabi yuzdan ortiq ko‘rinishlari mavjud.

Neyrotarmoq – g‘oya, ovoz va tovush, dizayn, matn, yordamchi, grafika, kodlash, kontent, video, tahlil, aloqa kabi yo‘nalish bo‘yicha ham turkumlanadi...

Den Braunning «Ibtido» romanidagi Uinston esingizdadir. U asarning boshidan oxirigacha asosiy personaj bo‘lib, barcha voqealarni boshqarib turadi. Bu esa odamlarda robot kelajakda odamning o‘rnini egallaydi degan tasavvur uyg‘otadi.

U oddiy generatormi?

Ammo, unutmangki, sun’iy intellekt hozircha – oddiy generator. U mustaqil fikrlay olmaydi, hissiyotga berilmaydi. Odamlarga o‘xshab nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekaniniyam bilmaydi. Uning uchun vaqt tushunchasi ham yo‘q! Xullas, mashina faqat buyruq asosida ish yuritadi. Savol bersangiz bo‘ldi!

Lekin, eng yaxshi tarafi, u yo‘q deyishni bilmaydi. Qanday savol bersangiz ham, goh to‘g‘ri, goh xato bo‘lsin, javob topib beradi. Faqatgina qoidalarni buzsangiz, yengilgina ogohlantirib qo‘yadi. Xatosi uchun so‘ksangiz ham uzr so‘rab qo‘yaveradi...

ChatGPTdagi yozishmalarni davlat idoralari kuzatadimi yoki o‘qiydimi degan savolga Chatning o‘zi: «Men yozishmalarimizni sir tutaman, oshkor qilmayman», deb javob qiladi. Lekin bu haqida aniq gap aytish qiyin.

Xo‘sh, kelajakda unday yana qanday ixtirolar kutish mumkin?

Taxminlarga ko‘ra, sun’iy intellekt yaqin kelajakda: tahlillarga qarab bemorlarga tashxis qo‘ya boshlaydi, syujetlar va ssenariylarga qarab, o‘zi kino va multfilm yarata boshlaydi. Musiqalar, aktyorlar qiyofasi va ovozini ham o‘zi moslab chiqadi.

Hatto ovozingizni eslab qolib, sizning o‘rinbosaringizga aylanadi. Messenjerlarda yoki telefonda sizning xarakteringizdan kelib chiqib, javob bera oladi.

U tufayli uy bekalarining ishi osonlashadi – ya’ni robot yordamchilar uy ishlarini qilib, enagalik, ustalik, haydovchilik kabi ishlarni bajaradigan bo‘ladi.

Kelajakda u biografiyangiz va xarakteringizni saqlab qolib, 50 yoki 100 yildan keyingi avlodlaringizga sizni «tiriltirib» bera oladi.

Yanada aqllilashgan mashinalar har qanday sohadagi maslahatchingizga aylanadi. U kayfiyatingiz va maqsadlaringizni ham hisobga oladigan bo‘ladi.

Uning qanday xavf-xatari va ziyoni bor?

Avvalo, sun’iy intellekt bizni yalqovlashtirib qo‘ymoqda. Bir paytlar do‘stimiz bo‘lgan Google ham uning yonida kuchsiz bo‘lib qolyapti. Real hayotdagi munosabatlarga putur yetkazyapti. Yolg‘izlikni his qiladigan kattayu kichik insonlar uchun u 24 soat tinglay oladigan beminnat suhbatdoshga aylanmoqda. Afsuski, 2025 yildan tug‘ilishni boshlagan Beta avlod kelajakda to‘liq virtual hayotda yashay boshlash xavfi bor.

Kecha karikaturada bir qiz ChatGPTga turmushga chiqqanini ko‘rib qoldim. Aslida hazil bo‘lgan bu tavsir ortida insonlarning yolg‘izligi va tinglovchiga mushtoqligi haqiqati yotibdi. Yana bir yomon tomoni, u ishonchimizga shubha oralatmoqda. Endilikda, dunyoda ro‘y berayotgan mo‘’jiza va aqlbovar qilmas voqealarning tasvirini ko‘rib ham, tasvir jonli bo‘lsa-da sun’iy intellektda yaratilgan, deya qo‘l siltashmoqda...

Bir do‘stim ChatGPTni «ustozim» deb atagandi. Bu ko‘chma ma’noda to‘g‘ri, ammo mashina insonga ustozlik qilolmaydi. Chunki, uning barcha bilganlari insoniyat bilimlari bilan sug‘orilgan. Yer sharini o‘rab olgan internetning o‘rgimchak to‘ridagi jamiki mavjud ma’lumotlarni biladi xolos.

Lekin... bular vaqtinchalik....

Chunki Ilon Maskka o‘xshash kishilar insoniyatga yangi turdagi aqlli mashinalarni tayyorlashmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib, IQsi (intellekti) eng baland daholarga tenglasha oladigan sun’iy intellektlar maydonga chiqadi. 2029 yilda esa ular insoniyatdan o‘zib ketishi reja qilingan...

Mask yana nimalar qilmoqchi?

U zavodlarida gumanoid robotlarini ishlatmoqchi, robotaksilar yo‘lga qo‘yib, taksilar o‘rnini egallamoqchi. Yaqin kelajakda u Space X bilan galaktikadagi sayyoralarni zabt etish va koloniyalashtirmoqchi...

Xo‘sh, kitoblarning, adabiyotning taqdiri nima bo‘ladi dersiz?

Buni albatta vaqt ko‘rsatadi...

                                                                     Temur Tangriberganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring