Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyaning blok-postda kaltaklanishiga oid qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi

Sudyaning blok-postda kaltaklanishiga oid qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi sudyasi A. Ergashev Guliston shahrida IIB va Milliy gvardiya xodimlari zo‘ravonligiga uchragani xabari berilgandi. Ya’nikim, sudya A. Ergashev 2020-yil 13-iyul kuni soat 08:30larda «Neksiya» avtomashinasida Guliston shahri ostonasiga o‘rnatilgan  blok-postga kelganda shu yerda xizmat vazifasini bajarayotgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan to‘xtatiladi. A. Ergashev ularga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, ish joyiga borish uchun shahar ichkarisiga kirishi lozimligini tushuntirganida xodimlar unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, «viloyat hokimi kelayotganligi uchun» (?!) postdan o‘tkazilmasligini aytib, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatishadi. Ya’ni, A. Ergashevni avtomashinadan majburan tushirib, bosh, yelka va qorin sohalariga urib tan jarohatlari yetkazishadi, so‘ng boshqa ichki ishlar organi xodimi uning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarib, voqea joyidan uzoqroqqa olib borib tashlab keladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Xabar.uz»ga holatga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni ma’lum qildi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv ishlari Sirdaryoda viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan o‘tkazilmoqda. Hozirda 13-iyul kuni blok-postda xizmat o‘tagan viloyat IIB JQB katta tezkor vakili Sh.Ibragimov va boshqa xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

A.Ergashev boshqaruvida bo‘lgan avtomashinadagi videoregistratorda qayd etilgan videoyozuv ko‘zdan kechirilganda, darhaqiqat, voqelik sodir bo‘lgan vaqtda Sirdaryo viloyat IIB YHXB xodimlari blok-postda o‘rnatilgan temir to‘siqni ochmasdan, viloyat hokimi va tez tibbiy yordam avtomashinasi keldi deb, A.Ergashevni avtoulovidan tushirishadi va «Neksiya»sini postdan taxminan 100-150 metr uzoqlikka olib borib qo‘yganligi aniqlangan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, A.Ergashevning chap qo‘l yelka bo‘g‘imi sohasi va chap oyoq tizza bo‘g‘imi old sohalari qontalashlari hamda bosh chap tomon chakka-tepa sohasi, chap bilak kaft bo‘g‘imi sohasi, ko‘krak umurtqalari sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi kabi jarohatlari mavjudligi aniqlanib, ushbu jarohatlar qattiq o‘tmas jismlar ta’sirida (ya’ni qo‘l bilan urish, qo‘l barmoqlari bilan qisib ushlash yoki shunga o‘xshash holatlarda) yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, odatda bunday jarohatlar kishi sog‘lig‘ining 6 kundan ko‘p muddatga buzilishiga sabab bo‘lmagan «yengil shikast» deb baholanishi aytiladi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring