Sud vazifasini bajardi, MIB-chi?
Oddiygina ko‘ringan masala shunchalar «tagiga olishi» mumkinmi?! Sud hujjati chiqqanidan keyin ham vaziyat o‘zgarmagani-chi? Buning zamirida qanday omillar yotibdi?
Xullas, savol ustiga savol. Biroq jo‘yali javobning o‘zi yo‘q.
Muammo nimada o‘zi, dersiz?
Eshiting.
Siz-u bizdek iste’molchi S.B. anchadan buyon «Lassetti» minish orzusida edi. Imkoniyatini chamai-cho‘t qilgandi orzusi ro‘yobga chiqadiganday. Shartta «Sirdaryo Avtotexxizmat» MChJ bilan shartnoma tuzib, «Ipoteka Bank» ATIB Olmazor filiali orqali 10 000 000 so‘m o‘tkazdi. Endi pulning qolganini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda to‘lashi kerak. Yo‘qsa, orzu sarobga aylanadi.
Ammo vaziyat taqozosiga ko‘ra S.B. shartnomada belgilangan kunga qadar avtomashinaga to‘lovni amalga oshira olmadi. Shu sababli kelishuvning 2.3 bandiga asosan shartnoma bekor qilindi.
Shartnoma bekor qilingach, u to‘lagan pul qaytarilishi kerak.
Oradan bir yil o‘tdi, u to‘lagan pul qaytarilsa, qani?!
Masalaga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Sirdaryo viloyati hududiy tuzilmasi aralashdi. Shunda ayon bo‘ldiki, S.B. to‘lagan pul «Ipoteka Bank» ATIB bank filiali tomonidan texnik xato tufayli shartnomada ko‘rsatilgan hisob raqamiga emas, balki «Sirdaryo Avtotexxizmat» MChJga tushirilgan ekan?! Shunga qaraymay, MChJ pulni egasiga qaytarmagan, keyinchalik ham qaytarishga siyoqi yo‘qday...
Agentlik iste’molchining manfaatini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga ariza kiritdi. Masalaning sudda ko‘rilishi ham «dam yeb» qolmadi: besh kun deganda iste’molchi S.B. foydasiga «Sirdaryo Avtotexxizmat»dan (shartnoma «Sirdaryo Avtotexxizmat» bilan tuzilgan) o‘n million so‘m undirish bo‘yicha Sud buyrug‘i chiqarildi.
Iste’molchi huquqi tiklandimi? Ha, hozircha faqat qog‘ozda. Chunki, sud hujjati ikki oydirki ijro etilgani yo‘q. Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlari ijro hujjatiga «kinna solishyaptimi» yoki buning boshqa sabablari bormi — hozircha bir nima deyish qiyin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter