Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV «Remdesivir» va «Favipiravir»ning nojo‘ya ta’siri haqida ogohlantirdi

SSV «Remdesivir» va «Favipiravir»ning nojo‘ya ta’siri haqida ogohlantirdi

Hozirgi vaqtgacha «COVID-19» kasalligini samarali davolashi kafolatlangan preparat topilgani yo‘q. Shunga qaramasdan, «COVID-19»  kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalari mavjud bo‘lib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri «Remdesivir» va «Favipiravir» deyish mumkin, deyiladi SSV xabarida.

Haqiqatan ham shu dorilar koronavirusni yengishda yordam berayaptimi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mazkur savol bilan SSV huzuridagi  Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi E’zozbek Rizayevga murojaat qildi.

—  «Remdesivir» virusga qarshi preparati 2015-yil AQShda  yaratilgan bo‘lib, Afrikada tarqalgan «Ebola» virusiga qarshi qo‘llanilgan. 2020 yil 1 maydan boshlab Amerika oziq ovqatlar va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi tomonidan koronavirusni davolashda tezkor dori sifatida qo‘llanilishiga ruxsat berilgan. O‘tgan vaqt orasida «Remdesivir» o‘zining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli koronavirusni davolashda butun dunyoda qo‘llanilmoqda. Hozirda «Remdesivir» preparati O‘zbekistonda ham «Remdessa» nomi bilan ishlab chiqarilmoqda.

Koronavirusni davolashda yana bir keng qo‘llanilayotgan dori vositasi bu – «Favipiravir». U Yaponiyada «Avigan» nomi bilan 2014 yildan «Fujifilm Toyama Chemical» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan  gripp kasalligiga qarshi dori vositasi bo‘lib, grippni davolashda boshqa preparatlar ta’sir ko‘rsata olmaganida zahira preparati sifatida tatbiq etilgan. «Favipiravir»ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning ko‘payishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada «Ebola» virusini davolashda keng qo‘llanilgan. 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yaponiya klinikalarida koronavirusni davolashda keng ko‘llanilib kelinmoqda.

«Remdesivir» va «Favipiravir» virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida o‘zini ijobiy namoyon etmoqda. Davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

—  Ammo bu dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlari haqida hamma ham bilmaydi...

—  To‘g‘ri, Yaponiyada «Avigan» («Favipiravir») dori vositasi faqat buyurtma asosida klinikalarga yetkazib beriladi. «Remdesivir» virusga qarshi dori vositasi esa faqatgina statsionar sharoitida qo‘llashga muljallangan. Chunki «Remdesivir» dori vositasi «COVID-19» kasalligining o‘rta og‘ir va og‘ir shaklida bemorlarga tavsiya etiladi. Sababi barcha dori vositalari singari ushbu dori vositasining ham foydali va zararli taraflari mavjud. Jumladan, tibbiy ko‘rsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak yetishmovchiligini keltiradi, jigar fermenti «AlT»ning oshishiga olib keladi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, ko‘ngil aynishi va qabziyatni chaqiradi.

«Favipiravir» dori vositasi kasallikni yengil va o‘rta og‘ir kechish darajasida faqat shifokor nazorati ostida tavsiya etiladi. Sababi «Favipiravir»ni virus yuklamasi ko‘p bo‘lganda va foydasi zararidan ustun deb topilgandagina tavsiya etiladi. Uni homilador ayollar qabul qilganda bolaning ko‘p nuqsonli tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Buyrak yetishmovchiligini chaqiradi. Harakat funksiyalarini buzadi.

Achinarlisi, sanab o‘tilgan nojo‘ya ta’siriga qaramay, aholi orasida «Remdesivir» va «Favipiravir» dori vositalarini ishlatishga xohish ortib bormoqda. «COVID-19» kasalligi bilan  «asoratlangan» holatda tibbiyot muassasalariga murojatlar ko‘payib ketdi. Bunga esa bilib-bilmasdan ko‘p miqdorda va kerak bo‘lmagan holatda yuqorida sanab o‘tilgan dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish sabab bo‘lmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring