Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV oxiri «taslim bo‘ldi». Taniqli onkolog ishga tiklandi

SSV oxiri «taslim bo‘ldi». Taniqli onkolog ishga tiklandi

Taniqli onkolog shifokor, professor G‘olib Hakimov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali bosh shifokori lavozimiga tiklandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ma’lum qildi.

G‘olib Hakimovning da’vosini dastlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi ishni ko‘rib chiqqan. Sudning hal qiluv qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga G‘olib Hakimovni o‘z lavozimiga qaytarish majburiyati yuklatilgan.

Vazirlik taslim bo‘lishni istamaydi. Ammo SSVning apellyasiya shikoyatini Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, kassatsiya shikoyatini Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati qanoatlantirilmasdan qoldiradi va birinchi instansiya sudi qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

Sud ishga yakuniy nuqtani qo‘yganiga qaramay, yana bir yil davomida vazirlik onkologni o‘z ishiga tiklamay kelgan.

Ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida davlat ijrochisi hamda Byuroning markaziy apparati mas’ul xodimlari tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir necha marotaba murojaat qilinib, rasmiy ogohlantirish xatlari yuborilishiga qaramasdan, G‘.Hakimovni ishga tiklash choralari ko‘rilmagan.

Nihoyat, qayta-qayta urinishlardan so‘ng, joriy yilning 11 oktyabrida G‘.Hakimov o‘z ishga tiklanib, ijro hujjati 13 oktyabr kuni tamomlangan.

Mojaro tarixi

G‘olib Hakimov rahbarlik qilayotgan shifoxonada bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Alisher Mingboyevning ijtimoiy tarmoqlarga qilgan chiqishi ortidan Chilonzor tumani prokuraturasi 2021 yil 12 fevral kuni Toshkent shahar onkologiya markazi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2021 yil 22 fevral kuni filial bosh shifokori G‘olib Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda sudning ajrimi bilan u lavozimidan chetlashtirilgan.

Jinoyat ishi 2022 yil 1 fevral kuni harakatdan tugatilib, professorga qo‘yilgan ayblov va ehtiyot choralari bekor qilingan.

G‘olib Hakimovga qo‘llangan ehtiyot choralari, jumladan jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining ajrimiga asosan lavozimidan chetlashtirilishi bekor qilingach, u o‘z ishiga qaytishi kerak edi. Ammo professor ko‘plab to‘siqlarga uchraydi. Professorni ishga tiklash haqidagi buyruq vazirning ish stolida imzo kutib qolib ketaveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring