SSSR urushda lend-liz tufayli g‘alaba qozonganmi?
1941-yil 28-oktyabr kuni AQSh prezident Franklin Ruzvelt lend-liz to‘g‘risidagi qonunni Sovet ittifoqiga nisbatan ham tatbiq qilish haqida direktiva chiqardi.
Bahs mavzusi
Ulug‘ vatan urushi tarixida shunday mavzular borki, ular haqida o‘qtin-o‘qtin qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Lend-liz — Amerika qo‘shma shtatlarining Sovet ittifoqiga ko‘rsatgan moddiy-texnik yordami mavzusi ana shunday mavzular sirasiga kiradi.
Bu boradagi fikrlar tubdan farq qiladi, birovlar ittifoqchilarning SSSRga ko‘rsatgan yordamining ahamiyatini butkul rad etsa, ayrimlar «Agar Amerika yordam bermaganda SSSR urushda yutqazar edi» deyishgacha boradi.
Bu munozaraning tarixi uzoq. U urush eng qizigan, SSSR va AQSh o‘rtasida g‘oyaviy jarlik mavjud bo‘lgan bir paytda boshlangan.
1943 yilning mart oyida o‘tkazilgan matbuot konferensiyasida sovet matbuotida Amerikaning yordami haqida kam yozilayotganidan jahli chiqqan AQShning SSSRdagi elchisi Uilyam Stendli shunday dedi: «Aftidan Rossiya hukumati tashqaridan yordam olayotgani faktini yashirmoqchi bo‘layapti. U xalqini Qizil armiya bu urushda yolg‘iz o‘zi jang qilayotganiga ishontirmoqchi bo‘layotgani ko‘rinib turibdi».
Elchining bu gapi rostakam mojaroga sabab bo‘ldi. Bi-bi-sining Moskvadagi muxbiri Aleksandr Vert o‘sha kunlari shunday deb yozgan edi: «Telefon orqali qilingan besh soatlik qizg‘in muzokaradan so‘ng rus senzurasi Stendli nutqining matnini chop etishga ruxsat berdi. Tashqi ishlar xalq komissariati matbuot bo‘limi xodimlarining qovog‘idan qor yog‘adi.Telegrammaga viza qo‘yayotgan bosh senzor Kojemyakoning g‘azabdan rangi oqarib ketdi. Uning onasi Leningradda ochlikdan o‘lgan... Boshqa bir rus kishisi bugun shunday dedi: «Biz millionlab odamlarimizni yo‘qotdik, ular esa bizga faqat tushyonka jo‘natishayotgani uchungina oldilarida tiz cho‘kishimizni xohlashayapti. “Saxiy” kongress o‘z o‘z foydasini ko‘zlamay biron ish qilganmi o‘zi? Lend-lizni ehson demang menga».
Yarim yildan keyin Qo‘shma shtatlar elchisini almashtirdi.
Ammo Uilyam Stendlining o‘pkalaganicha bor edi. U Moskvada ishlagan bir yarim yil mobaynida irmoqcha yordam katta ariq qadar, ya’ni bir necha barobar ko‘paygan edi.
1970-yillarning oxirida sovet va Amerika ijodkorlari tomonidan «Noma’lum urush» (sovet versiyasi — «Ulug‘ vatan urushi») nomli hujjatli kinoepopeya suratga olinganda Hollivudning mashhur aktyori Bert Lankaster unga boshlovchilik qilgan. «Leningrad qamali» seriyasida Amerika ssenaristlari AQShning SSSRga yordami, shu jumladan tushyonkalar yetkazib berilganligi haqida hikoya qilmoqchi bo‘lishgan. Ammo leningradliklar qamalda ne kunlarni boshidan kechirganligi haqidagi materiallar bilan tanishib chiqqan Lankaster Amerikaning yordami to‘g‘risidagi lavhalarni o‘chirib tashlaydi. Aktyorning o‘zi ham urush ko‘rgan odam edi, shuning uchun shunday deydi: «...bunday ulkan fojia oldida bu haqda gapirish noo‘rin».
«Qarzga» yordam
Hikoyamizning boshiga qaytamiz. Lend-liz nima o‘zi?
«Lend-liz» — (inglizcha «lend» — «qarzga bermoq» va «lease» — «ijaraga bermoq») — davlat dasturi, unga ko‘ra Amerika qo‘shma shtatlari Ikkinchi jahon urushida o‘z ittifoqchilariga harbiy asbob-anjomlar, texnika, tibbiy jihozlar, dori-darmon va strategik xomashyo yetkazib bergan.
AQSh kongressi lend-liz haqidagi qonunni 1941-yil 11-mart kuni qabul qilgan. Ushbu qonun AQSh prezidentiga Qo‘shma shtatlar mudofaasi uchun juda zarur bo‘lgan har qanday mamlakatga ko‘maklashish vakolatini bergan.
Lend-liz dasturida quyidagi shartlar nazarda tutilgan:
— yetkazib berilgan va urush vaqtida foydalanilgan, yo‘qotilgan va yo‘q qilingan materiallarning (mashinalar, har xil harbiy texnika, qurollar, xomashyo, boshqa narsalarning) haqini to‘lash shart emas;
— lend-liz doirasida berilgan va urush tugagandan so‘ng noharbiy maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli holda saqlanib qolgan mulklarning haqi Qo‘shma shtatlar taqdim etadigan uzoq muddatli (asosan foizsiz) kreditlar hisobiga to‘liq yoki qisman to‘lanadi;
— Amerika tarafi talab qilgan taqdirda buzilmagan va yo‘qotilmagan texnika va jihozlar urushdan keyin AQShga qaytarilishi shart.
Samolyotlardan tortib spirtgacha: o‘rtoq Stalin janob Ruzveltdan nimalar oldi?
Dastlab lend-liz haqidagi qonun Britaniya imperiyasi va Xitoyga tatbiq etildi.
1941-yil 22-iyundayoq AQSh va Buyukbritaniya Uchinchi reyxga qarshi urushda SSSRga moddiy-texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini izhor qilishdi.
1941-yil 1-oktyabrda Moskvada SSSRni zarur narsalar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi birinchi protokol imzolandi, uning amal qilish muddati 1942-yilning 30-iyunigacha deb belgilangan edi. Lend-liz haqidagi qonun SSSRga nisbatan rasman 1941-yil 28-oktyabrda joriy etilib, Sovet ittifoqiga 1 milliard dollar qarz berildi. Urush davomida ta’minot muddatini uzaytirish haqida yana uchta protokol imzolandi. SSSRga lend-liz bo‘yicha narsalar yetkazib berish rasman 1945-yilning 12-mayidan to‘xtatilgan, ammo amalda «17 oktyabr dasturi» doirasida bo‘lajak sovet-yapon urushi uchun narsalar yetkazib berish davom ettirildi, chunki SSSR Yevropada urush tugagandan so‘ng Yaponiyaga qarshi urush boshlash majburiyatini zimmasiga olgan edi. Yaponiya mag‘lub etilgandan keyin SSSRga narsa yetkazib berish uzil-kesil to‘xtatildi.
Hozirgi tarixchilar AQSh o‘z ittifoqchilariga lend-liz dasturi bo‘yicha jami 50,1 mlrd dollarlik (2008-yilgi bahoda 612,88 mlrd dollarlik) yuklarni yetkazib bergan deb hisoblashadi. Ularning yarimidan ko‘pi (31,4 mlrd dollar) Buyukbritaniyaga yetkazilgan. Bu ro‘yxatda Sovet ittifoqi 11,3 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Fransiya va Xitoy 3,2 va 1,6 mlrd dollarlik yordam olgan. Lend-liz dasturi bo‘yicha hammasi bo‘lib 42 ta mamlakatga yordam ko‘rsatilgan.
SSSR lend-liz dasturi bo‘yicha nima olgan? 1941-yilning iyun oyidan 1945-yilning sentyabr oyigacha ittifoqchilar tomonidan SSSRga jami 17,5 mln tonna har xil yuklar jo‘natilgan, shundan 16,6 mln tonnasi yetib kelgan. Qolganini dushman yo‘lda harbiy karvonlar bilan birga yo‘q qilgan.
Sovet ittifoqiga 22 150 ta samolyot, 10 000 ta tank, 51 500 ta yengil vnedorojnik va vezdexod, 375 883 ta yuk avtomobili, 345 735 tonna portlovchi moddalar, 4 478 000 tonna oziq-ovqat, 15 417 000 juft askar botinkasi, 331 066 litr spirt, 2 670 000 tonna neft mahsulotlari va boshqa tovarlar yetkazib berilgan.
Mashhur «Villis»lar va Amerika tushyonkalari
Yetkazib berilgan yuklar qanchalik ahamiyatga ega edi? Qat’iy javob yo‘q.
1948-yilda SSSR Davlat plan komiteti raisi Nikolay Voznesenskiy «Vatan urushi davrida SSSRning harbiy iqtisodiyoti» nomli monografiyasida shunday yozgan: «Ittifoqchilar SSSRga yetkazib bergan sanoat mollari miqdorini xuddi shu davrda SSSRning sotsialistik korxonalarida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari miqdori bilan taqqoslasak, ularning milliy mahsulotlarga nisbatan solishtirma hajmi atigi qariyb 4 foizga teng».
Amerika ekspertlari yetkazilgan yuklarni yuqoriroq baholashgan, biroq ularning hisob-kitoblariga ko‘ra ham ittifoqchilarning SSSRga yordami mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 1/10 qismidan oshmaydi.
Ammo faqat o‘rtacha olganda shunday. Lekin, masalan, Qizil armiya avtoparkida ittifoqchilar yetkazib bergan yuk avtomobillari va jiplar ulushi 64 foizga teng bo‘lgan. Urush yillari va undan keyingi davrda «Villis» va «Studebekker»lar xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan edi, qariyalarimiz ularni hozirgacha eslab turishadi.
Urush yillari SSSR temiryo‘llarida ishlagan parovozlarning 70 foizdan ko‘prog‘i ittifoqchilar tomonidan yetkazib berilgan. Juda ko‘p narsa esa temiryo‘llarning ishonchli ishlashiga bog‘liq bo‘lgan.
Foizini hisoblaydigan bo‘lsak, yetkazib berilgan samolyotlar soni unchalik ko‘p emas, ammo Aleksandr Pokrishkin singari mashhur sovet aslari amerikaliklar yetkazib bergan «Aerokobra» qiruvchi samolyotlarida jang qilganini yodga olish joiz.
Shu o‘rinda baribir Amerika tushyonkalarini eslab o‘tmasak bo‘lmaydi. Sovet askarlari kinoya bilan «Ikkinchi front» deb atagan go‘shtli konservalar urushda katta rol o‘ynagan. Yetkazib berilgan tushyonkalar SSSRda ishlab chiqarilgan tushyonkalarning 480 foiziga teng bo‘lgan.
Amerika tushyonkasi tufayli sovet askarining qorni to‘q bo‘lgan, och askar bilan to‘q askar o‘rtasida esa juda katta farq bor.
G‘alaba yaqinlashgani sayin ittifoqchilarning saxiyligi tuta boshlagan
Qalbingiz ittifoqchilarga nisbatan minnatdorlik hislariga to‘lib-toshib, lend-liz bo‘yicha yetkazib berilgan narsalarning ahamiyatiga shubha bilan qarovchilarga ta’na qilishga tayyor bo‘lsangiz, shoshilinch xulosa chiqarmay turganingiz ma’qul. Nega deysizmi?
Lend-liz bo‘yicha yetkazilgan yuklarning 70 foizdan ko‘prog‘i 1943 — 1945-yillarga, ya’ni urushda tub burilish yuz berib, ko‘chirilgan sovet sanoati harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni avjiga chiqargan davrga to‘g‘ri keladi.
Nihoyatda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan urushning dastlabki oylarida esa ittifoqchilarning yordami juda kam bo‘lgan. 1941-yilning oxirigacha Sovet ittifoqiga jami yuklarning 1 foizdan ham kamrog‘i yetkazib berilgan.
Bu ham tashkiliy qiyinchiliklar bilan (bitim oktyabr oyining oxirlaridagina rasmiylashtirilgan), ham ittifoqchilarning surbetligi bilan bog‘liq edi. Stalingrad jangi tugaguncha Buyukbritaniya ham, AQSh ham buyog‘i nima bo‘lar ekan, Sovet ittifoqi yengiladimi-yo‘qmi deb kutib turgan xolos. Shunday ekan, keyinchalik hitlerchilarga o‘lja sifatida qoladigan bo‘lsa Sovet ittifoqini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashning nima keragi bor?
Urush yillarida «teskari lend-liz» ham bo‘lgan. Yetkazilgan yuklar evaziga Sovet ittifoqidan AQShga qimmatli xomashyo va oltin jo‘natilgan. 1942-yilning may oyida besh yarim tonna sovet oltinini olib ketayotgan Buyukbritaniyaning «Edinburg» kreyseri nemislar tomonidan cho‘ktirib yuborilganini bugun hamma biladi. 1941 — 1945-yillarda SSSR AQShga hammasi bo‘lib 320 ming tonna xrom rudasi, 32 ming tonna marganets rudasi, shuningdek platina, yog‘och va boshqa yuklarni yetkazib bergan. Ularning umumiy qiymati ma’lum emas, AQShdan keltirilgan yuklarning taxminan 3-4 foizidan 20 foizigacha deb baholanadi.
Qarz mashmashasi
Urush tugagandan so‘ng lend-liz shartiga muvofiq Qo‘shma shtatlar yordam olgan barcha mamlakatlarga yetkazilgan mahsulotlarning haqini to‘lash uchun to‘lov qog‘ozlarini taqdim etdi. Amerikaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra Sovet ittifoqi 1,3 mlrd dollar to‘lashi kerak edi. Ikkitomonlama munosabatlar tezlik bilan yomonlashib borayotgan bir sharoitda Moskva bunday narx-navoni haddan tashqari baland deb hisobladi va faqat 170 mln dollar to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi. Muzokara bir necha yilga cho‘zildi-yu, kutilgan natijani bermadi — AQSh talabini 800 mln dollargacha tushirdi, SSSR plankani 300 mln dollargacha ko‘tardi, ammo taraflar murosaga kelolmadilar.
Ikkitaraflama munosabatlar biroz iliqlashgan 1972-yilga kelibgina masalaga yechim topildi. 2001-yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 722 mln dollarga kelishishdi. Dastlabki ikkita to‘lov 1973-yilda amalga oshirildi — Sovet ittifoqi 48 mln dollar to‘ladi.
Ammo uzog‘idan suyuntirsin deganlari rost ekan. AQShda savdo haqidagi qonunga Jekson-Venik tuzatishi kiritilib, SSSR bilan qilinadigan savdo-sotiqqa nisbatan cheklov o‘rnatildi, Sovet ittifoqi esa javob chorasi sifatida lend-liz bo‘yicha to‘lovlarni zudlik bilan to‘xtatib qo‘ydi.
1990-yilda yangi muzokara o‘tkazilib, unda SSSR 2030-yilgacha 674 mln dollar to‘lashiga kelishildi.
Ammo bir yildan keyin Sovet ittifoqi tarqab ketdi va masala yechilmasdan qoldi. 1993-yilning aprel oyida Rossiya hukumati SSSRning barcha qarzlarini, shu jumladan lend-liz bo‘yicha qarzlarini ham bo‘yniga olishini ma’lum qildi.
2010-yillarning o‘rtalarida lend-liz qarzi to‘liq to‘lab bo‘lindi. Biroq skeptiklar bu borada inflyasiya hisobga olinmagan, shunday ekan, urush payti yetkazib berilgan mahsulotlar haqining yarmi ham to‘langani yo‘q deb hisoblashadi.
«Bu rejali xudbinlikning bir ko‘rinishidir»
Amerika tarixchisi Jordj Xerring shunday deb yozgan: «Lend-liz insoniyat tarixidagi eng beg‘araz akt bo‘lmagan... Bu rejali xudbinlikning bir ko‘rinishidir, amerikaliklar undan qancha foyda olishini juda yaxshi bilishgan».
Gap boshqalar daryo-daryo qon to‘kkan urushda amerikaliklar temir-tersaklari bilan qatnashganidagina emas.
«Buyuk depressiya»dan chiqqan Amerika sanoati urush yillari juda ulkan miqdorda buyurtma olib, shiddat bilan rivojlandi. Amerikalik yozuvchi Stads Terkel «To‘g‘ri urush» kitobida shunday yozgan: «Bu urushda deyarli butun dunyo dahshatli iztiroblarni, fojialarni boshidan kechirdi va haddan ziyod ezildi. Biz esa urushdan juda zo‘r texnika, mehnat qurollari, ishchi kuchi va katta pulga ega bo‘lgan holda chiqdik. Amerikaliklarning ko‘pchiligi uchun urush vaqtichog‘likka aylandi... Men o‘z o‘g‘il-qizlaridan ayrilgan bebaxtlar haqida gapirayotganim yo‘q. Ammo qolgan hamma uchun bu davr judayam ajoyib bir davr edi».
Qo‘shma shtatlar iqtisodiyotining gurkirashi va dollarning jahon moliyaviy sistemasidagi asosiy valyutaga aylanishi Ikkinchi jahon urushi natijasidir.
SSSRning tashqi savdo bo‘yicha xalq komissari sifatida lend-liz bo‘yicha yetkazib kelingan yuklarni qabul qilib olish bilan shug‘ullangan Anastas Mikoyan ko‘p yillardan so‘ng: «Lend-lizsiz biz yana bir-bir yarim yil ko‘proq jang qilishimizga to‘g‘ri kelar edi», — degan edi.
Ulug‘ vatan urushi yillari lend-liz bo‘yicha yetkazib berilgan narsalar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmadi, SSSRni qutqazmadi va tarixni boshqa o‘zanga burib yubormadi. Ammo ular tufayli urush ertaroq tugadi, yuz minglab, ehtimol millionlab odamlarning hayoti saqlab qolindi. Buning uchun ittifoqchilarga rahmat deyish kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter