Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Xabar.uz»dagi tanqidga sanoqli soatda munosabat bildirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Xabar.uz»dagi tanqidga sanoqli soatda munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

Biroz avval saytimizda «Jarrohlik amaliyotidan keyingi ahvol... E’tiborsiz qolayotgan bemorlar hayotidan reportaj» sarlavhali maqola joylashtirilgan edi.

Unda buyrak ko‘chirib o‘tkazishdek murakkab va nozik amaliyotini boshdan o‘tkazgan bemorlarni operatsiyadan keyin iste’mol qilishi shart bo‘lgan qator dori vositalari bilan ta’minlash muammoligicha qolayotgani tanqid ostiga olingandi.

Maqolaga Sog‘liqni saqlash vazirligi sanoqli soatda munosabat bildirdi.

Munosabat matni qo‘yida e’lon qilinayotir.

***

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarga immunosupressor dori vositalarining yetishmayotgani haqidagi maqola Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilib, quyidagilarni ma’lum qiladi.

Avvalo, e’tirof etish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshirilayotgani yuzlab bemorlarga qayta hayot, minglab qalblarga umid bag‘ishlamoqda.

Shu bilan birga, buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash ham muhim ahamiyat ega. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi 185-sonli «Davlat tibbiyot tashkilotlari hamda respublika aholisini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra bemorlarni immunosupressor dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalarining xarajatlar smetasida ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan budjet mablag‘larini Sog‘liqni saqlash vazirligining xarajatlar smetasida jamlash orqali markazlashgan holda harid qilishga ruxsat berildi.

– Mamlakatimizda buyrak transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni immunosupressor dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash uchun joriy yilning 5 aprelida jami ehtiyoj bo‘yicha 17,7 mlrd. so‘m qiymatidagi dori vositalarini yetkazib berish yuzasidan shartnoma tuzildi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxonova. – Mazkur shartnomalar bo‘yicha dori preparatlari joriy yil aprel oyining uchinchi o‘n kunligida Sog‘liqni saqlash vazirligining taqsimotiga asosan tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi. Ayni paytda esa vazirligimizga murojaat qilgan barcha bemorlar zarur bo‘lgan dori vositalari bilan to‘liq ta’minlanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bundan buyon ham buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni immunosupressor dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashni qat’iy nazoratga oladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring