Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri saratonga chalinmaslik uchun nima qilish kerakligini aytdi

Sog‘liqni saqlash vaziri saratonga chalinmaslik uchun nima qilish kerakligini aytdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda onkologiya xizmatining bugungi holati, onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov zamonaviy tibbiy tadqiqotlarga tayanib, onkologik kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini bayon etdi.

Eng avvalo, sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etish zarur. Chunki  onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga, avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish jiddiy sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, tarkibida inson sog‘lig‘i uchun zararli moddalari bo‘lgan oziq-ovqat va ichimliklarni iste’mol qilish saratonga olib kelishi zamonaviy  ilm-fanda to‘liq tasdig‘ini topdi. Bunday oziq-ovqatlar qatoriga qizil go‘sht, kolbasa va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar, yog‘li taomlar, shakar, tuzni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, chekish, ichish, semizlik  ham saratonni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga kiradi. Bundan tashqari,sog‘lom turmush tarziga to‘la rioya etish, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlatish, jismonan faol bo‘lish onkologik kasalliklarning oldini olishning muhim omilidir.

Alisher  Shodmonov, Sog‘liqni saqlash vaziri

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, aholi orasida bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolash ishlarini tizimli asosda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari kabi onkologiya xizmati ham xalqimizningtalab va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirilmoqda.

Eng avvalo, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida onkologiya muassasalari rahbariyati butunlay o‘zgardi. Viloyatlardagi onkologiya dispanserlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filialiga aylantirildi. Markazda ishlayotgan o‘n nafardan ko‘proq malakali olimlar va yetakchi mutaxassislar viloyat filiallariga rahbar etib tayinlandi. Natijada har bir viloyatda oldinlari qilinmagan eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Ilmiy izlanishlarga keng yo‘l ochildi.

Onkologiya muassasalarini dori-darmon bilan ta’minlash yaxshilandi. Sir emas, yaqin-yaqingacha onkologik bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlash bor-yo‘g‘i 26 foizni tashkil etar, bu xalqimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori sohada yechimini kutayotgan bunday muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Qarorda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida ijro etilishi natijasida bugungi kunga kelib onkologiya muassasalarini dori bilan ta’minlash 3 barobarga oshdi. Joriy yil oxiriga borib deyarli to‘liq ta’minishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur qaror asosida, shuningdek, onkologiya sohasida  profilaktika, diagnostika, skrining va davolash ishlari ham  takomillashmoqda. Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish maqsadida sut bezi va bachadon bo‘yni saratoni skrining tadqiqotlari boshlab yuborildi. Sut bezi saratonini erta aniqlash uchun 13 ta mobil, 16 ta statsionar mammografik uskunalar xarid qilinmoqda. Qizilo‘ngach, me’da va kolorektal saraton bo‘yicha Farg‘ona viloyatida tajriba tariqasida skrining tadqiqotlari rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari va yetakchi mutaxassislaridan tuzilgan guruhlar joylarga chiqib, mahalliy shifokorlar uchun yangi tibbiy texnologiyalar yuzasidan mahorat darslari tashkil etmoqda, aholiga maslahat, tashxis, davolash yordami ko‘rsatilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring