Aya-Sofiyada odam suratlari bor: u yerda namoz o‘qish uchun qanday chora qo‘llashmoqchi?
Turk hukumati Istanbuldagi Avliyo Sofiya (Aya-Sofiya) obidasida namoz o‘qish uchun munosib sharoit yaratish masalasini ko‘rib chiqyapti. Xususan, namoz vaqtida devordagi mozaika va freskalar ko‘rinmasligi uchun maxsus yoritish texnikasidan foydalanish ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi «Hurriyet» gazetasi.
10-iyul kuni mamlakat oliy ma’muriy sudi — Turkiya davlat kengashi 1934-yilda Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasini muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilgani to‘g‘risida xabar bergandik. Shundan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on obidani masjidga aylantirish haqidagi farmonni imzoladi.
Nashrning ta’kidlashicha, Turkiya prezidenti ma’muriyati mamlakat madaniyat va turizm vazirligi hamda din ishlari bo‘yicha boshqarma bilan hamkorlikda 24-iyul kuni Avliyo Sofiya majmuasida birinchi namozni o‘qish uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Taklif etilayotgan yana bir yo‘li — namoz paytida mozaika va freskalarni parda bilan to‘sib qo‘yish. Shuningdek, sayyohlar joynamozlarni bosmagan holda obidani ziyorat qilishi uchun maxsus yo‘lakchalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ekspertlarning takliflari Turkiya prezidenti ma’muriyatiga taqdim etilgan, deb yozadi gazeta. Ushbu masala yuzasidan seshanba kuni qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
«Twitter»dagi Avliyo Sofiya muzeyi sahifasi yopilgan. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi saytida uning nomi «Avliyo Sofiya jome masjidi» (Büyük Ayasofya Camii)ga o‘zgartirilgan.
Avliyo Sofiya ibodatxonasi milodiy VI asrda imperator Yustinian buyrug‘iga binoan barpo etilib, 537-yil 27- dekabrda ochilgan. Turklar Konstantinopolni zabt etgach, Vizantiya imperiyasi qulagach, 1453-yilda ibodatxona masjidga aylantirilgan. Biroq 1935-yilda zamonaviy turk davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk unga muzey maqomini bergan va YuNESKO butunjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgandi.
Aya-Sofiyani masjidga aylantirish qarori ba’zi davlatlarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter