«Sizdan ugina, bizdan bugina»: Korrupsiya mojarosi ortidan Estoniya bosh vaziri iste’foga chiqishga qaror qildi
Estoniya bosh vaziri Yuri Ratas korrupsiya mojarosi ortidan iste’foga chiqishga qaror qildi.
«To‘rt yil Estoniyaga, fuqarolarning turmushi yaxshilanishi, mamlakatning xalqaro nufuzi mustahkamlanishi yo‘lida xizmat qildim. Biroq siyosatda murakkab vaziyatlardan chiqish uchun juda og‘ir tanlovlarga ham to‘g‘ri keladi. Siyosatchi bunga tayyor bo‘lishi shart», — deya o‘z iste’fosini izohladi Ratas.
Ratas bugun, chorshanba kuni iste’foga chiqarishni so‘rab yozgan arizasini mamlakat prezidenti Kersti Kalyulaydga topshirishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, prokuratura partiyani korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilgan ma’lumotlar e’lon qilinishi aynan kimningdir aybdorligini anglatmaydi, biroq voqeaga daxldor barchaga jiddiy soya soladi.
Yuri Ratas — mamlakatdagi yetakchi Markaz partiyasining rahbari. Kecha, seshanba kuni yuridik shaxs sifatida partiyaga hamda besh nafar jismoniy shaxsga nisbatan korrupsiyaga daxldorlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingandi.
Prokuraturaga ko‘ra, tadbirkor Xillar Teder va partiya bosh kotibi Mixail Korb mahalliy saylovlar arafasida Teder partiyaga million yevrogacha xayriya qilishiga kelishib olgan. Evaziga Tederga qarashli «Porto Franco» firmasi 40 million yevro kreditni qo‘lga kiritgan. Partiya uchun 30 000 yevrodan ikkita transh amalga oshgan, hukumat esa kredit berishni tasdiqlagan.
Ushbu ish bo‘yicha gumondor to‘rt shaxs qo‘lga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter