Siz qanday rahbarsiz?
Bugun Georgetown universiteti va McDonough biznes maktabi professori, tadqiqotchi Kistina Poratning TED konferensiyasida hamkasblar bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish, ish unumini oshirishda rahbarlardan talab qilinadigan ayrim omillar haqidagi nutqini e’tiboringizga havola qilamiz.
To‘g‘ri, bu oddiy savol. Ammo siz ushbu savolga har kuni ongli ravishda yoki o‘z xatti-harakatlaringiz orqali javob berasiz. Shu birgina savol sizning odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lishingizdan tortib, karerangizdagi muvaffaqiyatingizni ham aniqlab beradi.
Jumladan, siz hamkasblaringizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish orqali ular o‘zlarini yanada qadrli his qilishlariga imkon berib, ko‘klarga ko‘tarasiz yoki haqoratli so‘zlar bilan obro‘sini tushirasiz. Umuman olganda, qanday bo‘lish o‘z qo‘lingizda.
Men shafqatsizlikning odamlarga ta’sirini o‘rganib chiqdim. Xo‘sh, shafqatsizlik o‘zi nima? Bu hurmatsizlikmi yoki qo‘pollik?
Ushbu konsepsiya xatti-harakatlarning ko‘plab turlarini o‘z ichiga oladi. Jumladan, kimnidir mazax qilish va kamsitishdan tortib, haqoratli hazillar qilishgacha.
Kimdir buni hurmatsizlik deb hisoblasa, boshqalar buni hatto sezmasligi ham mumkin.
Misol uchun, ishxonada majlis bo‘layotgan bir vaqtda, boshqa birov bilan xabarlashib o‘tirishingiz ba’zilar tomonidan hurmatsizlik sifatida qabul qilinishi mumkin, ammo boshqalar bu holatga u qadar jiddiy qarashmaydi. Ya’ni, bu borada yagona nuqtai nazar yo‘q.
Ammo biz mana shu xatti-harakatlarimiz bilan kimningdir beixtiyor qadrsizlik tuyg‘usini boshdan kechirishiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin.
Bu qanday oqibatlarga olib kelishini bilasizmi?
Taxminan 22 yil oldin kasalxonaning diqqinafas xonasiga kirganimni juda yaxshi eslayman.
Hamisha kuchli ko‘ringan, zabardast otamni ko‘kragiga elektrodlar ulangan holda yotganini ko‘rib, yuragim yorilib ketdi. Ishdagi stress uni mana shu holga solgandi.
Bu esa qariyb o‘n yil mobaynida qo‘pol va qattiqqo‘l rahbarga chidab ishlab kelganining natijasi edi...
O‘shanda men bunga u qadar ishonqiramagandim, ammo oradan bir-ikki yil o‘tib, kollejni bitirganimdan keyingi birinchi ishimdayoq o‘zim ham ko‘plab qo‘pol munosabatlarga duch keldim va otamni tushuna boshladim.
Men bir yil mobaynida deyarli har kuni hamkasblarimdan: «Bu qanday ahmoqgarchilik? Biz boshqacha yo‘l tutishimiz kerak», qabilidigi e’tirozlarimga: «Agar sizning fikringiz eshitmoqchi bo‘lganimda o‘zim so‘ragan bo‘lardim» degan javobni oldim.
Tabiiyki, men u yerda uzoq vaqt ishlay olmadim va bunday munosabatlarning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rganish maqsadida o‘qishni yana davom ettirdim.
Oliygohda men Kristin Pirson bilan tanishdim. U ish jarayonidagi bunday sovuq munosabatlar bora-bora aql bovar qilmaydigan zo‘ravonliklarga ham olib kelishi mumkin, degan fikrda edi.
Biz rahbarlarning xodimlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi ish unumdorligiga naqadar salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqlash maqsadida turli tadqiqotlar o‘tkaza boshladik.
Natijalar esa juda ajoyib edi. Biz eng kuchli tashkilotlarning xodimlariga so‘rovnomalar yubordik va ulardan hayotlari davomida duch kelgan hurmatsizlik va qo‘pol munosabatlar hamda shunday holatlarga nisbatan qanday fikrda ekanliklari haqida so‘radik.
Tadqiqotlar natijasida «bog‘cha tarbiyachisining ishi», deya haqoratomuz gaplarni aytadigan, barcha xodimlarning ko‘z o‘ngida hisobotni yirtib tashlaydigan rahbarlar haqida eshitdik.
Va natijada bunday qo‘pollik xodimlarning ishga bo‘lgan motivatsiyasini pasaytirganini ham aniqladik. Chunki so‘rovnomada ishtirok etgan 66 foiz xodimning ish sifati sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa, 12 foizi allaqachon o‘z ishlarini tark etgan edilar.
Umuman olganda, yakuniy natijalarga ko‘ra, noto‘g‘ri boshqaruv oqibatida korxonalar yiliga 12 million dollar zarar ko‘rayotganini aniqladik.
Ammo ilmiy sohadagi hamkasblarimizning odamlarga buni qanday isbotlaysiz, degan gaplaridan so‘ng mehnat faoliyatida shafqatsizlikni boshdan kechirgan va xodimlariga hamisha yaxshi munosabatda bo‘lgan rahbarlar qo‘l ostida ishlagan kishilar o‘rtasida bilimlar sinovi o‘tkazishga qaror qildik.
Sinov natijalari esa birinchisi guruhdagi xodimlarning o‘z vazifalarini anchayin yomon bajarganliklarini ko‘rsatardi.
Ammo bunday hodisa siz bilan hech qachon sodir bo‘lmagan bo‘lsa-chi? Siz faqat shunga o‘xshash holatni ko‘rgan yoki eshitgan bo‘lsangiz bu sizga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Shu bois biz besh nafar ishtirokchilar o‘rtasida eksperement o‘tkazdik va ular rahbarning ishga kechikib kelganlarga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishini kuzata boshlashdi.
Va tadqiqot davomida kuzatuvchilardan birining boshqa bir guruh a’zosini haqorat qilganiga, qolganlarning esa diqqatni jamlashi va ish unumdorligi sezilarli darajada pasayganiga guvoh bo‘ldik.
Ha, qo‘pollik – bu virus, yuqumli virus! Biz esa beixtiyor uning tashuvchisiga aylanamiz. Chunki biz uni nafaqat ishda, balki uyda, o‘qishda, do‘konlarda, ijtimoiy tarmoqlarda va umuman olganda, istalgan joyda yuqtirib olishimiz mumkin.
U esa bizning his-tuyg‘ularimizga, hayotdagi motivatsiyamizga, ish unumdorligimizga va boshqalar bilan qanday munosabatda bo‘lishimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Eng achinarlisi, bu nafaqat bizga yomon munosabatda bo‘lishganida, balki atrofdagilarda xuddi shunday xatti-harakatni kuzatganimizda ham yuz beradi.
Hattoki qo‘pollik bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zni shunchaki ko‘rsak yoki o‘qisak ham sodir bo‘ladi. Eng achinarlisi, sizning qo‘pol munosabatingiz bir insonning hayotini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin.
Isroilda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bosh shifokor tomonidan qo‘pol muomalaga duch kelgan tibbiyot xodimlari nafaqat tashxis qo‘yish paytida, balki muolajalar paytida ham jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi va natijada bemor halok bo‘ladi.
Aksariyat rahbarlar qo‘l ostidagi xodimlar bilan xushmuomala yoki do‘stona munosabatda bo‘lishmasligining sababi ular go‘yoki jamoada yetakchilik maqomini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi.
Ammo boshqaruvchilikdagi muvaffaqiyatsizlikning birinchi sababi ham aynan xodimlarga nisbatan hurmatsizlik, qo‘pol yoki tajovuzkor xatti-harakatlar ekanligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Biroq shunga qaramay, muvaffaqiyatga erishadiganlar har doim topiladi.
Lekin ertami-kechmi, bunday rahbarlar zaiflashib qolsa yoki biror narsaga muhtoj bo‘lsa, ularning qo‘polligi o‘zlariga qaytib keladi, ya’ni, qiyin vaziyatlarda kimdandir yordam kutmasalar ham bo‘laveradi.
Xo‘sh, u holda xushmuomalalik mukofotlanadimi?
Albatta, mukofotlanadi! Sizning atrofingizdagilarga nisbatan xushmuomala bo‘lishingiz shunchaki qo‘pol emasligingizni anglatmaydi. Bu insoniy fazilat hamisha odamlar tomonidan alohida e’tirof etiladi.
Qisqa qilib aytganda, hurmat qilgan kishi, hurmat topadi! Toki sizdan qo‘rqqanlaridan emas, azbaroyi yaxshi ko‘rganlaridan ham hurmat qilishsin!
Haqiqatan ham xushmuomalalik – tabassum qilish, yo‘lakda salomlashish va kimdir sizga gapirganda diqqat bilan tinglash kabi oddiy insoniy fazilatlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, biotexnologik kompaniyada men va hamkasblarim xushfe’l kishilarning rahbar bo‘lish ehtimoli ikki barobar ko‘p ekanligini aniqladik.
Bu sizga ham tegishli. Agar siz odamlarga qanchalik yaxshi munosabatda bo‘lsangiz, atrofdagilarning sizni malakali yetakchi sifatida ko‘rishlari ham osonroq bo‘ladi, qolaversa, do‘stona jamoangiz a’zolarining yanada yaxshiroq ishlash ehtimoli ham yuqori.
Bilasizmi, xodimlar o‘z rahbarlaridan ko‘proq nimani kutishadi?
Biz butun dunyo bo‘ylab 20 000 ga yaqin ishchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazdik, javob esa juda oddiy: Hurmat!
Chunki insoniyat uchun e’tirof, minnatdorlik va hatto ko‘proq malaka oshirish imkoniyatlariga ega bo‘lishdan ko‘ra hurmatni his qilish muhimroq.
Buni qarangki, rahbariyat tomonidan hurmat ko‘rgan xodimlar boshqalarga qaraganda sog‘lomroq, e’tiborliroq, ishchanroq bo‘lish barobarida ish joyini tark etish haqida hatto o‘ylashmas ekan. Balki sizda qanday qilib xodimlar bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish mumkin, degan savol tug‘ilgandir?
Buning uchun katta o‘zgarishlar qilish kerak emas. Oddiy, kichik narsalar ham qo‘l ostingizdagilar bilan munosabatingizga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ochsner Health System kompaniyasining sobiq rahbari Patrik Kuinlan «10-5» texnikasining samaradorligi haqida shunday deydi: odamlardan o‘n qadam uzoqda turganingiz ham siz ularning ko‘zlariga ishonch bilan qarang va tabassum qiling, ana shunda orangizdagi masofa besh qadam yaqinlashganini sezasiz! Bu esa sog‘lom munosabatlar o‘rnatilayotganligidan dalolat beradi. Jumladan, shifokorlarning xushmuomalalik darajasi ortgani sayin, bemorlarning sog‘ayish ehtimoli ham ko‘payadi. Bu esa shifoxonaga yangi bemorlar oqimining ortishiga olib keladi.
Shuningdek, qo‘l ostidagilarga kompaniya uchun naqadar muhim shaxs ekanligini his qilishlariga ko‘maklashish ham yaxshi samara beradi.
Juda mashhur kompaniyaning odil bir rahbari o‘z xodimlariga g‘amxo‘rlik qilish va ularni qanchalik qadrlashini isbotlash uchun shaxsan o‘zi ularga 30 000 ga yaqin minnatdorlik xatlarini yozadi va bu xatti-harakatlari bilan ko‘plab rahbarlarga o‘rnak bo‘ladi.
Haqiqatan ham, xushmuomalalik odamlarni ilhomlantiradi. Qo‘pollik esa ularning qanotlarini qayirib, bor iste’dodlarini ham yo‘qqa chiqaradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, tadqiqotlarimdan shuni angladimki, agar bizga ishda qo‘llab-quvvatlovchi, samimiy muhit yaratib berilsa, biz yanada samarali mehnat qilamiz!
Shunday ekan, har safar uyda, ko‘chada, ishda, o‘qishda va hattoki ijtimoiy tarmoqlarda ham odamlar bilan muloqotga kirishar ekansiz, o‘zingizga savol bering: «Men kim bo‘lishni xohlayman?»
Keling, barchamiz birgalikda qo‘pollik virusiga chek qo‘yib, madaniyat tarqatishni boshlaylik. Ishonchim komilki, bu albatta o‘z samarasini beradi.
E’zoza Turg‘unova tarjimasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter