Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Siz beshikda yotganmisiz?

Siz beshikda yotganmisiz?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbek ayolining go‘zalligini ko‘rmoqchi bo‘lsang, uning beshik yonidagi harakatlarini kuzat, deydilar. Beshik nafaqat o‘zbek, balki butun Markaziy Osiyo, Afg‘oniston xalqlarining ham qadriyati. (Bir vaqtlar turklar ham foydalanishgan).

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz — beshik qachon paydo bo‘lgan?  Uning tarixi bilan bog‘liq nimalar ma’lum bizga? Ikki daryo oralig‘i xalqlari hayotiga islomdan avvalroq kirib kelgan beshikning kelajagi endi xavfdami? 

Avvaldan aytish lozim – maqoladan maqsad beshikni targ‘ib qilish yoki unga qarshi qarashlarni qo‘llash emas.  Balki beshikning tarixi, buguni, ertasi bilan bog‘liq jarayonni xolis nigoh bilan ko‘rsatib berishdir.

Shishadan yasalgan sumaklar

Yozma manbalarda «beshik» so‘zi ilk marta  Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘ati turk» (11 asr) asarida uchraydi.

Samarqand muzeylarida esa 9-10 asrlarga oid shisha sumaklar saqlanadi.

Arxeologlar ilk beshiklar ham, sumaklar ham xuddi hozirgidek, yog‘ochdan yasalgan, deb aytishadi. Dastlabki nusxalarning bizgacha yetib kelmaganligi sababi ham aynan shu bilan izohlanadi — yog‘och vaqt o‘tishi bilan chiriydi.

Shisha sumaklarga kelsak, o‘rta asrlarda shisha buyumlar juda qimmat ashyo hisoblangan. Shundan, faqat boy-zodogonlargina, balki hashamat uchundir, balki farzandlariga e’tiborlari ortiqroq ekanligini namoyish niyatidadir, shisha sumaklar yasattirishgandir.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori, antropolog olim Samariddin Mustafoqulov, qazilma sifatidagi bosh chanoqlarini o‘rganish asosida, beshikning kashf etilishini 6-7 asrlar bilan bog‘laydi.

— O‘sha davrdan ikki daryo oralig‘idagi past tekisliklarda yashagan xalqlarda, aniqrog‘i, o‘zbek va tojiklarda boshning ensa qismining yassilanishi, ilmiy tildagi broxokranlashuv boshlanadi. Boshqacha qilib aytganda, beshik boshning deformatsiyalanishiga sabab bo‘lgan, — deydi olim.

Samariddin Mustafoqulov bolaning quruq uxlashiga mo‘ljallangan tebranma moslama faqat Markaziy Osiyo xalqlarida bo‘lganligini ta’kidlaydi: «Beshik  ko‘plab xorijiy mehmonlarimiz uchun juda qiziqarli. Rossiyaning Samara madaniyat institutidan kelgan olim sumak so‘zning kelib chiqishiga e’tibor qaratdi».

Demak, 15 asrki, yurtimizda beshik «taqa-tuqi» barhayot. O‘tgan davr ichida nimalar o‘zgarmadi deysiz?! Uy qurilishlari, liboslar, taomlar... Ilm-fan, texnologiya esa rivojlangandan rivojlandi. Faqat beshikkina o‘sha-o‘sha. Asrlar silsilasidagi urushlar, ofatlar, ta’qiqlarning hech biri beshikni Markaziy Osiyo xalqlari hayotidan surib chiqara olmadi. Garchi endilikda ayrim xonadonlarda bolalar beshikka umuman belanmayotgan bo‘lsa-da, har holda uning keng qo‘llanayotgani  qadriyat ixlosmandlarining taskini.

Samariddin akaga ko‘ra, tarixchilar orasida beshik ilmiy o‘rganilmagan. «Mavzu ko‘proq etnografiyaga aloqador», deydi olim.

Etnografiya: bolani eniga yotqizib qo‘yib «o‘ngmi, o‘ngmi...» deb so‘rashganda...

Bolani birinchi marta beshikka belashda odatda avval foydalanilgani qulay hisoblanadi. Marosimda 2-3 nafar ayol ishtirok etsa kifoya. Chunki chaqaloq chillali. Ko‘p hollarda bola bir haftalikdan oshmasdan beshikka belash afzal hisoblanadi. «Moslashishi oson bo‘ladi» deyishadi momolar.

Avvalo chaqaloq cho‘miltiriladi. Albatta yangi tog‘orada. Peshanasiga qora kuya surtiladi. Yopinchiqni ochib qo‘yib beshik ichi va atrofiga olov aylantiriladi. Yostiqcha ostiga taroq, oyna, tosh va kulcha qo‘yiladi.Chaqaloqni ilk marta  beshikka belash uchun yoshi ulug‘, uvali-juvali, farzand dog‘ini ko‘rmagan, tabarruk momo taklif etiladi. Onaxon bolani beshikka solar ekan, «Egasi keldi, babasi qoch» deydi. Keyin chaqaloqni telba-teskari, bir u tarafdan eniga, bir bu tarafdan, yana oyoqchalarini yostiqqa qilib yotqizaveradi-da, «o‘ngmi, o‘ngmi» deya so‘rayveradi. Atrofdagi ayollar esa javob berishadi: «Yo‘q, yo‘q». Nihoyat, to‘g‘ri yotqiziladi, belanadi. Keyin beshikning bosh tarafida yong‘oq chaqiladi. «Momaqaldiroqlar gumburlasa qo‘rqma! Akang-opang o‘ynab shovqin solsa, qo‘rqma! Dadang onangni urishsa, qo‘rqma! (Ob-bo...)»

So‘ng shirinliklardan beshik uzra sochqi sochiladi, bolalar terib olishadi. Navbatdagi udum: onaga butun non beriladi. U bir tishlam tishlaganda, to‘plangan bolalardan quvrog‘i nonni tortib olib tashqariga qochib ketadi. Boshqalari uning ortidan yugurishadi. Shu kuni xonadonda bo‘g‘irsoq pishiriladi. Qo‘shnilarga tarqatiladi.

Katta xarajat emas.

(Lekin, «Beshik to‘yi» deb nomlanib, ortiqcha chiqim, dabdaba va qudalar o‘rtasidagi keraksiz oldi-berdilar aslida beshikka belash marosimi mazmunini buzadi).

Marosim so‘ngida kayvoni onaxon chaqaloqni, ota-onasini, yig‘ilganlarni va albatta, beshiksozni ham duo qiladi.

Beshik ortidan kelgan rizq

Beshikni ayol tebratadi, erkak esa uni yaratadi. O‘zbekistonning qaysi hududida bo‘lmang, beshiksozni topish qiyin emas.

Samarqandning Xaymar mahallasida Qahramon Hamidovlar xonadoni oldidan o‘tib ketar ekansiz, gohi stanokning «g‘ing-g‘ingi», gohida teshaning taq-taqi quloqqa chalinadi. Qiya ochiq darvozadan quritish uchun qo‘yilgan tol yog‘ochlariga ko‘zingiz tushadi.

— Tol yog‘ochlari topish muammo bo‘layapti, — deydi usta, — boshqa muammo yo‘q.

Qahramonning eslashicha, uning otasi ham, bobosi ham beshiksoz bo‘lishgan. Bobosi vaqtida jajji Qahramonga o‘zining ham otasi va bobosi beshiksoz o‘tganlarini aytgan ekan. Xullas, Qahramon beshiksozlik ularda necha avloddan buyon davom etayotganini  aytolmaydi, «Ajdodlarimizning hammasi  beshiksoz o‘tishgan» deydi u soddalik bilan. Hozirda uning 16 yoshli o‘g‘li Abdurahim ham maktabidan so‘ng hunar sirlarini o‘rganadi.

«Beshik bolali oilaga ortiqcha xarajat emasmi?» so‘rayman ustadan.

— Samarqandda bo‘yalmagan va laklanmagan beshiklar tutiladi. Shundan narx qo‘yilayotganda, faqat yog‘och va o‘ymakorlik darajasiga qarab mehnat haqi hisobga olinadi. Hozirda bizda beshiklar 300 mingdan 700 ming so‘mgacha sotilayapti. Bu endi faqat beshikning o‘zini narxi. Undan keyin, bitta beshikda nechta bola ulg‘ayadi.

Bundan 30-40 yillar avvallari beshiklar bozorga yopinchiqlarsiz chiqarilgan. Bugunda esa beshik rastalarida tanlov bor – istasangiz yopinchiq va ko‘rpachalari bilan, istasangiz faqat beshikni oling.  Qahramon beshiksozning ayoli Feruzaxon  ham  beshik anjomlari tikadi. Ularning Siyob bozori hududidagi mo‘’jazgina do‘koniga kirib borganingizda ko‘p hollarda ayol qatim tortayotgan bo‘ladi.

— Shukur,  beshik ashyolarini ham tikib savdoga chiqarganimizdan so‘ng, asta-sekinlik bilan daromadimiz ham orta bordi, hunarimiz orqasidan uy-joy qildik, mashina oldik, — deydi Feruza.

Beshik kelajagi xavf ostidami?

Vaqtida beshikka qarshi ko‘plab harakatlar bo‘lgan. Sovet Ittifoqi davrida matbuotda bolaning qo‘l-oyog‘i beshikka bog‘lanishi qullikka qiyoslandi. Shifokorlar orasida beshikni qator kasalliklar, jumladan, raxitning sababchisi deb aytadiganlar topildi. (Vaholanki, bunday kompaniya avj olgan o‘tgan asrning ikkinchi yarmida, beshikni bilmaydigan Afrika raxit bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichda bo‘lgan). Shunga qaramay, beshik Markaziy Osiyo xalqlari hayotidan chiqib ketmadi.

Bugunda O‘zbekistonda  beshik haqidagi fikrlari borasida ayollar jamiyati (bolaning beshikda yotish-yotmasligini ayollar hal qiladi) ikkiga bo‘lingani yangilik emas...

— Avvallari bolaning tagi quruqqina yotsin, deb beshikka belardilar. Hozir esa pamperslar bor. Bolalarim tug‘ilganda men institutda o‘qirdim. Bolalarimga asosan qaynonam qarardilar, beshikka belardilar. Masalan, men to‘rt nabiramdan birortasini ham beshikka belamadim. Bola emin-erkin uxlashi kerak deb o‘ylayman, — deydi shifokor Barno Ashurova.

Shifokor, ayniqsa, raxit, vazni kam bo‘lgan va ichki miya bosimi ko‘tariladigan, tos suyagida muammosi bo‘lgan va onalari kamqon (bunday onalar farzandlari albatta alohida parvarishga muhtoj) chaqaloqlarni beshikka belash umuman mumkin emasligini ta’kidlaydi. 

Boshqa bir samarqandlik ayol, kattagina tikuvchilik atelesi rahbari Kubaro Haqberdiyeva  esa «Beshiksiz xonadonimni tasavvur qilolmayman» deydi, beshikning boshqa xususiyatlari ham borligini ta’kidlaydi:

— Ba’zi millatlarda, bola yaxshi uxlasin deb, ko‘zlari durracha bilan tang‘ib qo‘yiladi. Beshikdagi qorong‘ulik esa yaxshi uxlash uchun ayni muddao. Qo‘ndoqda ham qo‘l-oyoqlar boylanadi-ku. Beshikda ham shu-da. Qo‘llari yuziga tegib bola cho‘chib ketmaydi, uyg‘onib ketmaydi.

Yopinchiqlarga ko‘ra, beshik ichida yozda salqin, qishda issiq haroratni saqlash mumkinligini suhbatdosh ta’kidlaydi. «Bir maromda tebranish, ona taftini tuyish bola uchun foydali, hamma gap beshik qoidalariga amal qilishda, vaqtida beshikdan olish,  beshikni nazoratdan chetda qoldirmaslikda» deydi u. Yana qo‘shib qo‘yadi: «Xudo ko‘rsatmasin, beparvo bo‘lsa, karovatchadan ham yiqilishi mumkin».

Kubaro opaning  aytishlaricha, ularning  to‘rt farzandi ham, 14  nafar nabirasi ham beshikda ulg‘aygan, uyg‘aymoqda.

Toshkentlik 65 yoshli Nasiba aya ularning bir necha qo‘shnisi bolalari beshikka umuman yotmaganini (yotqizishmaganini) aytadi. «Pultli halinchaklar chiqqan, pultni bosib qo‘yib, ishlarini qilishaverishar ekan. Ana shunda bolalar ona taftini his qilmay ulg‘ayadi-da» deydi u. Ayaning o‘z uyida esa bir yoshga to‘layotgan nabirasi Abdulla beshikda maza qilib uxlarkan.

Samarqanddagi «Qo‘shchinor» mahalla raisi o‘rinbosari Iroda Akramova Angliyada yashayotgan qizining egizak farzandlari uchun beshik jo‘natmoqchi bo‘lgan. «Vrachlari hatto qo‘ndoqni ham tavsiya qilmas ekan. Qo‘li ochiq qolgan bola o‘zini uyg‘otib yuboradi, o‘zini qo‘rqitadi. U yerning qonunlari boshqacha. Beshikka belab, javobgarlikka tortilmasin, deya jo‘natmay qo‘ya qoldim» deydi Iroda.

Lekin Amerikada beshik borasida hech qanday cheklov yo‘q. O‘zbekistondan o‘nlab beshiklar Amerika tomon olib ketilayapti. Aynan xorijiy davlatlarga jo‘natish uchun beshikning yig‘ma ko‘rinishi ham yaratilgan. Aytishlaricha, okean ortida beshikni soatiga 2 -3 dollardan ijaraga ham olish mumkin ekan.

Bolasini beshikda yoki karavotchada uxlatishi har kimning o‘z ixtiyorida. Turkiyada ham bir vaqtlar bolalar beshikda ulg‘aygan, hozirda mamlakatda beshikli xonadonni topmaysiz.

Bizda ham shu holat takrorlanmaydimi? Hech bo‘lmaganda beshikning tarixi borligicha saqlanadimi? Gugldan «beshik» deb so‘rasangiz, na bir ilmiy ish, na bir ma’nili maqola topiladi. Lekin Moskvada, Sank-Peterburgda, allaqayerlarda beshik sotilishi haqidagi reklamalarni ko‘plab uchratish mumkin...

 Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring