Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryoga borgan Oliy sud raisi o‘rinbosarlari bir necha mahkumni ozodlikka chiqardi

Sirdaryoga borgan Oliy sud raisi o‘rinbosarlari bir necha mahkumni ozodlikka chiqardi

Foto: Oliy sud

Sardoba tumanida yuzaga kelgan suv toshqini natijasida evakuatsiya qilingan aholi holidan nafaqat xabar olish, balki ularning sudga oid muammolarini joyida hal etish maqsadida Oliy sudi raisining o‘rinbosarlari Xolmo‘min Yodgorov va Ikrom Muslimov 2020 yil 5 may kuni Guliston shahriga bordi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Avvaliga Oliy sud tomonidan jabr ko‘rganlarga ko‘mak doirasida to‘plangan oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda boshqa turdagi 3 ta yuk avtomashinasidan iborat mahsulotlarning ikkitasi Guliston shahrida tashkil etilgan maxsus omborga, yana bitta esa Oqoltin tumanidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus shtabiga yetkazildi.

Shundan so‘ng Sardoba tumanidan Guliston shahridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab internatiga joylashtirilgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi.

Muloqotda jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining 2019 yil
1 avgustdagi hukmiga ko‘ra, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan M.Sharipovaga oid  «ish» mahkumaning shikoyati va ota-onasining murojaatiga asosan viloyat sudining kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Mahkuma suv toshqini natijasida zararlangan hudud, ya’ni Sardoba tumanidagi «Do‘stlik» MFY hududida yashaganligi inobatga olinib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilidi va M.Sharipova jazoni o‘tash muassasasidan ozod qilindi.

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining 2020 yil 5 maydagi ajrimiga asosan V.Iordaki va Sh.Haydarovga nisbatan  tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazolarining o‘talmagan qismi  yengilroq turdagi jazolar bilan almashtirilib, har ikki mahkum ham  ozodlikka chiqarildi.

Bundan tashqari Sardoba tuman ma’muriy sudining 2020 yil 21 apreldagi qarori bilan MJtKning 54 va 183-moddalari bilan javobgarlikka tortilgan M.Jonibekov va R.Anorboyevning «ishi» ham  apellyasiya tartibida ko‘rib chiqildi. Natijada huquqbuzarlar yashab kelgan hudud aholisi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilinganligi sababli sud qarori o‘zgartirilib, ular ham ma’muriy qamoqdan ozod qilindi.

 Toshqin oqibatida Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilingan asli Oqoltin tumani «Ahillik» mahalla fuqarolar yig‘ini Oqterak ko‘chasida yashab kelgan M.Isayevaning ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish haqidagi da’vo-arizasi ko‘rib chiqish karantin sababli  vaqtincha to‘xtatilgan edi. Mazkur to‘xtatilgan fuqarolik ishi tiklanib, Oqoltin tumanlararo sudi tomonidan  ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

                                                                     

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring