Sirdaryoda o‘nlab xonadonlarni suv bosdi (foto)
Yuzaga kelayotgan surunkali yog‘ingarchiliklar tufayli Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi xo‘jaliklararo kollektorining Baxt shaharchasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida suv sathining me’yoridan oshib ketgan.
Natijada qishloq xo‘jaligining shudgor yerlariga, mahallalar va aholi yashash xonadonlariga, xususan, Baxt shahridagi xonadonlarga suv kirgan, deya xabar bermoqda FVV.
Zudlik bilan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Baxt shahri IIBda tezkor shtab tashkil etilib, tuman hokimligi, FVB, IIB, MG xodimlari va mahalla vakillaridan iborat 3 ta ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan suv toshgan xonadonlar aholisini xavfsiz hududlarga ko‘chirish haqida ogohlantirish xatlari berilib, «Xazina» MFYdan 20 ta xonadonda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga ko‘chirildi. Ko‘chirilgan aholi uchun tibbiy va boshqa ta’minot tadbirlari tashkil etildi.
Yuzaga kelgan suv toshish oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Avtoyo‘l xizmati, Suv xo‘jaligi vazirligi viloyat tuzilmalari kuch va vositalari jalb qilingan.
Shuningdek, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida Maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazidan qutqaruvchilar yetib borgan. Bundan tashqari, Jizzax va Toshkent viloyatlari FVBlaridan qo‘shimcha kuch va vositalar safarbar etilib, hozirda suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ham sel oqibatida respublikadagi bir qancha ko‘priklarga zarar yetgan, Samarqand shahrida esa uylarni suv bosgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter