Sinfdoshlar o‘rtasidagi janjal ayanchli yakun topdi

Namangan viloyati, Uychi tumanida 2022-yil 30-yanvar kuni tungi soat 22:00 larda ikki sinfdosh o‘rtasida yuz bergan janjal ayanchli oqibat keltirib chiqardi.
Qayd etilishicha, 35 yoshli J.I. mast holatda sinfdoshi, 35 yoshli N.D.ning uyi oldiga borib, uni chaqirib, janjallashadi.
Janjal vaqtida N.D. boshi bilan J.I.ning yuziga «tushiradi». J.I. esa o‘zida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan N.D.ning chap yonbosh qorin sohasiga bir marotaba urib, hodisa joyidan yashirinadi.
Tuman tibbiyot birlashmasining birlamchi tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, N.D.da «chap yonbosh sohasidan qorin bo‘shlig‘iga kirib boruvchi kesilgan sanchilgan jarohati» borligi, ushbu jarohat hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir turdagi jarohat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur holat yuzasidan Uychi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan J.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 2-qismi «l» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi protsessual tartibida ushlangan.
Tergov davomida jinoyatning kelib chiqishiga o‘sha kuni gumonlanuvchi, jabrlanuvchi hamda ularning yana 7 nafar sinfdoshlari «Oqtosh» MFY hududida joylashgan kafelarning birida spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirishganida N.D. sinfdoshi J.I.ning shaxsiyatiga tegib, haqorat qilganligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter