Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sodiqov Germaniyada yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Shuhrat Sodiqov Germaniyada yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

Kecha, 14-yanvar kuni O‘zbek-German biznes forumi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirokida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi va germaniyalik hamkorlar bilan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbir doirasida Germaniya bilan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda, O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlariga zamonaviy foto-video qayd etish vositalarini joriy etish borasida nemis hamkorlarining ishtirokini jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 30 oktyabrdagi 3989-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari «ATLAS International» kompaniyalar guruhi bilan birgalikda istiqbolli vazifalarni bajarish yuzasidan yaqindan ish olib bormoqda.

Investitsiyaviy loyihani kelgusida yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, «O‘zstandart» agentligi va «ATLAS International» kompaniyalar guruhi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini foto-video qayd etish avtomatlashtirilgan tizimi» investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Kelishuv imzolandi.

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

Biznes forum doirasida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov AKT sohasi va boshqa yo‘nalishlarda nemis kompaniyalarining yechimlarini keng joriy etish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash bo‘yicha «SIEMENS AG», «DETECON», «NOKIA», «GEMALTO AG» kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Germaniyaning yo‘l harakati qoidalarini ta’minlash borasida zamonaviy tizimlarni joriy qilish bo‘yicha yetakchi pozitsiyalarda ekanini hisobga olib, mamlakatimiz nemis kompaniyalari bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring