Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Abdurahmonov nishondor bo‘ldi. Bu e’tirofmi yoki hayitlik?

Shuhrat Abdurahmonov nishondor bo‘ldi. Bu e’tirofmi yoki hayitlik?

Foto: Xabar.uz

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani xabari berilgandi. Mazkur xabar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining navbatdagi muhokama mavzusiga aylanib ketdi. Bildirilayotgan fikrlarning yarmidan ko‘pi hokimga yoqmasligi aniq.

Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining e’tirofi Sh. Abdurahmonovning bu borada amalga oshirgan ishlaridan ko‘ra qilajak ishlariga «avans» bo‘lsa, ajabmas, mazmunida talqin qilinayotgani ham bor gap. Andijon viloyati uy-kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati tarqatgan xabarda  katta-katta raqamlar keltiriladi, albatta. Biroq g‘ij-g‘ij raqamlar viloyatda ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni «yopib tashlolmasligi» aniq.

Eng yomoni, ayni dolzarb muammo yechimiga yo‘natirilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar maqsadsiz sarflanganiga oid faktlar ham yo‘q emas. Uzoqqa bormaylik, yaqindagina budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishini Andijon viloyati misolida (2020 yilning birinchi yarimi bo‘yicha) o‘rgangan Oliy Majlis Senati hamda Hisob palatasi aqlni shoshirgudek ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Unda, aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga ajratilgan 4,9 mlrd. so‘mlik mablag‘lar samarasiz sarflanganligi hisobiga 2018 yilda (!) foydalanishga topshirilishi belgilangan Xonobod shahridagi Teyit, Fozilmon va Xidirsha MFYlar, Andijon tumanidagi No‘xatak MFY, Xo‘jaobod tumanida joylashgan Xidirsha MFYda suv tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan va aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani aytiladi. Bundan tashqari,  9 ta ijtimoiy soha ob’yektini qurish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun tuzilgan loyiha-smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan 1,2 mlrd. so‘mlik jihoz va uskunalar o‘rniga boshqa turdagi jihoz va uskunalar o‘rnatib tashlangani ham qayd etiladi.

Qayd etilgan holat va raqamlardan kelib chiqilsa, hokimga berilgan nishon vazirlikning haqli e’tirofidan ko‘ra «Ramazon hayitligi»ga o‘xshab ketadi(ta’bir joiz bo‘lsa, albatta). Darvoqe, viloyatda yuzlab mlrd. budjet mablag‘lari maqsadsiz va samarasiz sarflangani masalasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar haligicha hech nima degani yo‘q.

Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring