Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar» – Shavkat Mirziyoyev Andijonda yig‘ilish o‘tkazmoqda

«Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar» – Shavkat Mirziyoyev Andijonda yig‘ilish o‘tkazmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining boshida barchani Ramazon hayiti munosabati bilan muborakbod etdi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Andijon viloyatida 40 mingdan ziyod muhtoj oilalar borligi, sanoat loyihalari, qishloq xo‘jaligi va tomorqachilik, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, o‘zini o‘zi band qilish hisobiga ularga daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlar va sektor rahbarlari har bir kambag‘al oila muammolarini aniq bilishi, ular bilan manzilli ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endi har bir sektorda «Kambag‘allikni qisqartirish shtabi» tashkil etilishi belgilandi. Bu shtablarga iqtisodiyot, moliya, mehnat, investitsiya, soliq idoralari va bank vakillari biriktiriladi. Ularning ish haqi miqdori erishilgan natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Soliq idoralari tekshiruvchi emas, soliqchiga ko‘makchi bo‘ladi.

– Statistlar bergan raqamlar bilan shu paytgacha to‘g‘ri yo‘nalish qilib bo‘lmadi, xalqimiz manfaat ko‘rmadi. Takliflar tumanlardan, odamlarning o‘zidan chiqishi kerak. Vazirlar, rahbarlar kabinetda emas, hududlarda, uzoq qishloqlarda ishlashi zarur. Shunday og‘ir sharoitda fidoyi bo‘lmagan rahbar – xiyonatchi. Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar. Davlat idorasi vakili xalqqa qancha yaqin bo‘lsa, joylarda shuncha natija bo‘ladi, adolat mezoni ta’minlanadi, – deya ta’kidladi Prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring