Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda katta shov-shuv ko‘targan ish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi

O‘zbekistonda katta shov-shuv ko‘targan ish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi

Mansur Tuymayev (chapda).

Foto: «Ozodlik»

2019-yil 20-iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev «Hisor Sarlochin» MChJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Bahriddin Istamov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, amaldorga  benzin  sepib, uni yoqib yuborganidan boxabarsiz, albatta.

O‘z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur voqelik ortidan Yakkabog‘ tumani hokimi va prokurori vazifasidan ozod etildi. 

Shuningdek, ko‘p o‘tmay  tadbirkorga ham, tuman hokimi o‘rinbosariga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgandi.

Bugun, 18-oktyabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida mazkur voqelik sabab qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqildi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov ma’lum qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov boshchiligida  ko‘rib chiqilgan «ish» yakuniga ko‘ra, sudlanuvchi Bahriddin Isamov (1963 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, «Hisor sarlochin» MChJ da ishchi bo‘lib ishlagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) da tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ehtiyot chorasi sifatida 2019-yil 21-iyuldan 2019-yil 29-avgustga qadar (1 oy 8 kun) qamoqda o‘tirgan kunlari tayinlangan jazodan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan chegirilib, qat’iy o‘tash uchun 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Sudlanuvchi Mansur Tuymayev (1976 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati —  o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — oliy, oilali, Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, eng kam oylik ish haqining 510 baravari miqdorida, ya’ni 103 392 300 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi.

M.Tuymayevning jinoiy harakatlari oqibatida 61 ta tadbirkor va 30 ta fuqaroga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berish majburiyati Yakkabog‘ tuman hokimligi zimmasiga yuklatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring