Shirin, mazali, foydali keshyu (gajak yong‘oq)dan «qonli keshyu»gacha

Internetda keshyu yong‘og‘ini qarsillatib mazza qilayotgan blogerni ko‘rib ushbu meva haqida bilgim keldi. Chunki keshyu eng mashhur, eng qimmat yong‘oqlardan biri bo‘lib, uning ta’mi yoqimli va u haqda yana bilganlarim – salomatlikka foydali xususiyatlari juda ko‘p ekan. Masalan yurak uchun foydali – Omega-3 va Omega-6 yog‘ kislotalari tarkibida bo‘lib, xolesterinni nazorat qiladi. Immunitetni mustahkamlaydi – S vitamini va antioksidantlar mavjud. Suyak va tishlarni mustahkamlaydi – kalsiy, magniy va fosforga boy. Qon bosimini tushiradi – tarkibidagi magniy va kaliy sababli gipertoniyaga foydali. Teri va soch uchun yaxshi – Ye vitamini terini yosh saqlaydi, biotin esa sochlarni mustahkamlaydi.
Keshyu moyi (yog‘i) tabiiy krem va kosmetik mahsulotlar tarkibida uchraydi.
Daraxtidan kley ishlab chiqarilsa, yong‘oq qobig‘idan texnik moy olish uchun ishlatiladi. Bu moydan sanoatda maxsus kley va laklar uchun foydalaniladi.
Keyin ushbu yong‘oq yetishtiriladigan mamlakatlarga qiziqdim – u asosan Hindiston, Vetnam, Braziliya va Afrika mamlakatlarida yetishtiriladi.
Keshyu qanday yetishtiriladi?
Keshyu Anacardium occidentale deb nomlangan daraxt mevasining urug‘i. Eng qizig‘i bu meva ikki qismga bo‘lingan:
keshyu yong‘og‘i va olmasi (cashew apple) – suvli va shirin, biroq qisqa muddat saqlanadigan mevalar toifasiga kiradi. Mevasini o‘sha joyning o‘zida yeyish mumkin, o‘ta suvli va yumshoqligi bois uzoq joyga yetkazishning imkoni yo‘q.
Qizig‘i shundaki, keshyu yong‘og‘i maxsus ishlovdan o‘tkazilmasdan iste’mol qilinmaydi. Uning po‘chog‘i urushiol (urushiol) nomli zaharli modda saqlaydi, teriga tegsa, allergiya va qichishish keltirib chiqarishi mumkin. Agar keshyu po‘stini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yeyilsa, u og‘iz va oshqozon shilliq qavatini kuchli qichishish va kuyish bilan zararlashi mumkin. Shuning uchun bozordagi keshyu har doim tozalangan va qayta ishlangan holda sotiladi.
Zaharli moddalardan qanday xalos qilinadi?
Keshyu yong‘og‘i po‘stidagi zaharli moddalarni yo‘q qilish uchun 220–240°C haroratda qovuriladi.
(Suratlar internet ochiq manbadan olindi)
Bu jarayon urushiol moddasini bug‘lantirib, uni kamaytirishga yordam beradi. Ba’zi zavodlar keshyuni qovurish o‘rniga yuqori haroratli bug‘ bilan ishlov beradi. Bu ham urushiolni yo‘q qiladi.
Demak agar siz bozorda «xom keshyu» ko‘rsangiz, ehtiyot bo‘ling! U tayyorlanganiga va zararsiz ekaniga ishonch hosil qiling.
Menda yana savol tug‘ildi, tayyor holga keltirish uchun qanday texnologiyalar jalb qilinadi – keshyu po‘stlog‘i zaharli ekan, demak uning ishi ham og‘ir, ham ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Afsuski u aynan terini zararlasa-da, asosan qo‘l mehnati jalb qilinadi. Uning po‘stlog‘ini mashina bilan tozalash qiyin. Hozircha keshyu yong‘og‘ini avtomatik ravishda, hech qanday zararsiz ochish mumkin bo‘lgan samarali mashina mavjud emas. Agar mashina orqali ochilsa, ko‘p hollarda yong‘oq shikastlanadi yoki ichki qismga zaharli suyuqlik tegishi mumkin. Shuning uchun ham ko‘p joylarda qo‘l mehnati hali ham ustuvor.
Qo‘l mehnati ancha arzon
Keshyu asosan Hindiston, Vetnam, Afrika davlatlarida ishlab chiqariladi. Bu yerlarda ishchi kuchi arzon va zavod egalari zamonaviy mashinalar sotib olish o‘rniga arzon ishchilarni yollashni ma’qul ko‘rishadi. Keshyu sanoatidagi ayrim zavodlar zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalardan foydalanmoqda, lekin ular hali ham kam. Masalan, Hindiston va Vetnamda yarim avtomatik mashinalar bor, ular keshyuni tozalashda qo‘llanadi. Afrikada avtomatlashtirilgan zavodlar juda kam, chunki bu mashinalar qimmat. Yevropa va AQShda keshyu asosan import qilinadi, shuning uchun ularda ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘q. Qimmat – avtomatlashtirilgan zavodlar ochish uchun katta sarmoya kerak. Qo‘l mehnati esa arzon – afsuski, kambag‘al mamlakatlarda ishchilarga juda kam haq to‘lanadi, shuning uchun ularni ishlatish osonroq. Qolaversa, ayrim ishlab chiqaruvchilar po‘stloqni qo‘lda ajratish yoki saralashni yaxshiroq deb o‘ylaydi.
Nega asosan ayollar ishlaydi?
Erkaklarga qaraganda ularning mehnati arzonroq baholanadi va ayollar mayda qo‘l mehnatiga juda tez moslashuvchan. Afsuski ko‘p ayollar kuniga $2–$3 miqdorida haq oladi, bu esa kambag‘allik chegarasidan ham past. Ayrim mintaqalarda bolalar ham bu ishlarga jalb qilinadi. Har bir yong‘oqni bittalab qo‘l bilan archiydigan ayollar 10–12 soatlab ishlashga majbur. Ko‘pchilik norasmiy ishchi bo‘lgani uchun mehnat huquqlaridan foydalana olmaydi. Keshyu yong‘og‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat Vetnam fabrikalarida hibsdagi mahbuslar ishlatiladi. Ular qattiq mehnat qilishga majbur va haq to‘lanmaydi, qochishga urinsa, jazolanadi.
Keshyu sanoatidagi sharoitlarni yaxshilash urinishlari
Ayrim xalqaro tashkilotlar va brendlar keshyu sanoatida ishchilar huquqlarini himoya qilishga harakat qilmoqda. Masalan: Fair Trade sertifikatlari ishchilarga yaxshiroq haq to‘lashni talab qiladi, Osiyo va Afrikadagi NNTlar ayollarni himoya qilish dasturlarini amalga oshirmoqda, ko‘plab Yevropa brendlari ishchi sharoitlarini tekshirishni o‘rtaga qo‘ymoqda.
«Qonli keshyu» – inson huquqlarining buzilishi
Bu muammo xalqaro tashkilotlar tomonidan «Qonli keshyu» deb nomlangan.
2020-yilda Vetnamda bir necha ishchi urushiol moddasi ta’sirida og‘ir zaharlangani haqida xabar berilgan.
Shunday ekan, savol tug‘iladi nima uchun qo‘lqoplardan foydalanilmaydi? Ayrim holatlarda qo‘lqoplar bepul taqdim etiladi, lekin ko‘pincha ular ayollar uchun juda qimmat bo‘lgani sababli qo‘llanilmaydi. Agar ayollar qo‘lqop sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoki ularni topa olmasa, ko‘pincha qo‘llarini bog‘lab, mevadan chiqadigan kuchli kislotalarga qarshi himoya qilishga harakat qilishadi. Himoya ko‘zoynaklari esa deyarli hech qachon berilmaydi, shuning uchun ko‘p ishchi ayollar ko‘z jarohatlariga uchraydi.
Keshyu sanoatining qurbonlari
Keshyuni qayta ishlash sohasida jabrlanganlar soni ortib bormoqda. Ayollar suyak-muskul tizimi va nafas olish yo‘llari kasalliklariga, shuningdek, og‘riqli teri kasalliklariga duch keladi. Keshyu ishlab chiqarish sohasida ishlovchi ayollarning 86,6% hech bo‘lmaganda bir marta kuyish jarohatini olgan. Ko‘pchiligida qo‘llar va barmoqlarda qora yoki juda qo‘rqinchli dog‘lar paydo bo‘lgan.
Bu holatni qisman tushuntiradigan omillardan biri – chet elda keshyu yoqori sifatli, lekin juda arzon narxda talab qilinishi. Bu amaliyot hunarmandchilik va tikuv fabrikalaridagi sharoitlardan farq qilmaydi. Zavodlar yirik xaridorlarni jalb qilish uchun ishlab chiqarish narxini pasaytirishga majbur bo‘ladi, bu esa asosan ishchilar hisobidan amalga oshiriladi.
Ekologiyaga ta’siri
Keshyu plantatsiyalari uchun juda ko‘p yer talab qilinadi. Bu ayniqsa Hindiston, Vetnam va Afrika mamlakatlarida tropik o‘rmonlarning qisqarishiga olib kelmoqda.
Bioxilma-xillik yo‘qolib, jonzotlarning yashash muhiti buziladi.
Yong‘oq daraxtlari hasharotlardan himoya qilish va hosilni oshirish maqsadida ko‘plab kimyoviy moddalar bilan ishlov beriladi. Bu moddalar tuproq va suv manbalariga tushib, atrof-muhit va odamlar salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Keshyu yetishtirishda juda ko‘p suv kerak bo‘ladi. Masalan, 1 kg yong‘oq ishlab chiqarish uchun taxminan 4,000 litr suv sarflanadi. Bu kam suvli mintaqalarda suv tanqisligini kuchaytirishi mumkin.
Keshyu yong‘og‘i tashqi qatlamida kislota va zaharli suyuqlik mavjud. Uni tozalash jarayonida havoga zararli moddalar ham tarqaladi.
Men keshyuga shunchaki qiziqqandim, shunchaki manba qidirgandim... Mazali, foydali, qimmat, lekin bu yong‘oqning haqiqiy bahosi pul bilan emas, tabiat va inson mehnati bilan o‘lchanar ekan. Har bir donachasi ortida ekologiyaga ta’sir va og‘ir mehnat, mashaqqat turganini bilgan holda, uni shunchaki yeb bo‘lmaydi.
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter