Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shinjon sirlari: Buni albatta ko‘rishingiz kerak (foto)

Shinjon sirlari: Buni albatta ko‘rishingiz kerak (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati zamonaviylik bo‘yicha hozir Xitoyning boshqa mintaqalaridan ko‘p ham farq qilmaydi: aviaqatnovlar, tezyurar poyezdlar, katta shaharlardagi osmono‘par binolar, pulli avtomobil yo‘llari... Biroq bu yerda asl xalq urf-odatlari ham saqlanib qolgan. Sayohatimiz davomida biz bunga amin bo‘ldik.

Shinjonda o‘ndan ziyod aeroportlar mavjud bo‘lib, mintaqaning turli hududlariga ichki reyslar amalga oshiriladi. Xitoy elchixonasi ko‘magida Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi ham Urumchidan Narat tumaniga samolyotda yo‘l oldi. Bir soatlik parvozdan so‘ng havosi juda toza, yozning ayni chillasida bahordek salqin hududga kirib bordik.

Foto: «Xabar.uz»

Narat milliy o‘rmon bog‘i uch tomondan Tyan-Shanning viqorli qoyalari bilan o‘ralgan. Yashil maskanning o‘rtasidan Ili (Kyunes) daryosi oqib o‘tadi. Asosan qozoq chorvadorlari qo‘nim topgan bu hududda boy dasht madaniyati saqlanib qolgan.

Foto: «Xabar.uz»

Bizga ma’lumot berishlaricha, dashtning umumiy maydoni 960 kv. km.ni tashkil etadi va u dengiz sathidan 1800 metr balandlikda joylashgan. Xitoyning eng go‘zal yaylovlaridan biri sifatida tan olinib, unga yuqori toifali turistik zona maqomi berilgan. Garchi hududga kirish pulli bo‘lsa-da, Narat xitoylik va chet ellik sayyohlarning sevimli dam olish maskaniga aylangan.

Foto: «Xabar.uz»

Narat milliy o‘rmon bog‘iga yoz mavsumida har kuni o‘rtacha 30-40 ming sayyoh tashrif buyurar ekan. Ularning xohlaganlari bir necha kunlab ushbu tabiati juda go‘zal, bahavo manzilda qolishlari mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

Bizga hamrohlik qilgan Amantay og‘aning aytishicha, buning uchun dashtda issiq suv, televizor, konditsioner va sivilizatsiyaning boshqa qulayliklari bo‘lgan shinam kottej hududlari mavjud. Bundan tashqari, mahalliy cho‘ponlarning mehmon o‘tovlari ham bor.

Foto: «Xabar.uz»

Narat dashtlarida yozning ayni pallasida o‘t-giyohlar endi gullagan, butun dalalar chamanzorga burkangan. Hamon vaqti-vaqti bilan yengilgina yomg‘ir tomchilab turadi.

Foto: «Xabar.uz»

Narat yaylovlari dunyodagi eng katta to‘rtta dashtdan biridir. Hududning yashil qatlami 75-90 foizni tashkil qiladi, ya’ni bu yerda toshloq yalangliklarni uchratishingiz qiyin, hammayoq yam-yashil.

Foto: «Xabar.uz»

Milliy o‘rmon bog‘ida o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 800 mm.ni tashkil etishi sabab, chorvadorlar o‘z chorvalariga yil davomida tabiiy yem-xashakni bemalol yetkaza olishadi.

Foto: «Xabar.uz»

Hududning bir qismi to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yiladi va qish g‘ami uchun o‘t-o‘lanlar o‘stiriladi. Qolgan qismida chorva va yilqilar erkin o‘tlab yuradi.

Foto: «Xabar.uz»

Hududga bir kunda 40 minglab sayyoh kelsa-da, bulg‘angan joylarni, turli plastik idish, qog‘oz va boshqa chiqindilarni ko‘rmaysiz. Daraxtlar kesilmagan, hammayoq toza-ozoda. Hukumat ham, mahalliy aholi, chorvadorlar ham atrof-muhit tozaligiga jiddiy e’tibor qaratishi seziladi.

Foto: «Xabar.uz»

Qurilgan inshootlar, tog‘ yo‘llari chetlaridagi to‘siqlar ham did bilan qilingan: ohaklangan beton yoki umumiy manzarani buzadigan metall qurilmalarni ko‘rmaysiz, aksincha, tabiatga uyg‘unlashgan yog‘och yoki yog‘ochsifat to‘siqlar o‘rnatilgan, ranglar ham shunga monand. Yo‘llar esa tekis.

Foto: «Xabar.uz»

Balki shu oddiy yondashuv — did va tartib ham budjetga millionlab foyda keltiradigan minglab sayyohlar oqimiga sababdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring