Shifokor gripp va shamollashni davolashda eng befoyda usullarni ma’lum qildi
Gripp, shamollash kabi kasalliklarni davolash va oldini olishda hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydigan bir qancha xalq tabobati usullari mavjud. Bu haqda Rossiya pediatrlar ittifoqi a’zosi Irina Dobretsova «Ridus»ga so‘zlab berdi.
Eng befoyda usullar orasida qaynatilgan kartoshka bilan ingalyasiya qilish ham bor. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ushbu usul nafaqat foyda bermaydi, balki xavfli hamdir. Negaki, shilliq qavatlarni kuydirib qo‘yishi hech gap emas. Bolalarni davolashda mazkur usulni zinhor qo‘llamaslik kerak, deya ta’kidlaydi pediatr.
Ikkinchi shubhali vosita — tog‘oradagi issiq suvga oyoqlarni solib o‘tirish. Gripp va O‘RVIda bu hech qanday yordam bermaydi. Bunday vannalardan boshqa maqsadlarda foydalangan ma’qul. Masalan, ishdan so‘ng stressni olish uchun ayni muddao. Bunda iliq suvga xushbo‘y moylar, oyoqni massaj qiluvchi sharchalar qo‘shish tavsiya etiladi.
Virusli respiratorli kasalliklarning oldini olishda limon, askorbinka va S vitaminining boshqa manbalaridan foydalanish samara bermaydi. Mazkur vitamin organizmning infeksiyalarga moyilligiga ta’sir ko‘rsatmasligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Uning fikricha, sarimsoqli «tumor» ham hech qanday foyda bermaydi.
«Sarimsoqni bo‘yinda yoki cho‘ntakda olib yurish — hamkasb va qo‘shnilarni qo‘rqitishning yaxshi usuli. Bu koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy masofa saqlash uchun ajoyib chora», — deydi Dobretsova.
Shifokor qo‘l yuvish, yuzni ushlamaslik, odamlar to‘planadigan joylarga bormaslikni tavsiya etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter