Tanzila Norboyeva ShHTning birinchi ayollar forumida ishtirok etmoqda

Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ning «Ayollar huquqini birlashtirish, umumiy taraqqiyotga ko‘maklashish» mavzusidagi birinchi ayollar forumida ishtirok etmoqda. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Butunxitoy ayollar federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan forumning ochilishida O‘zbekiston delegatsiyasining rahbari T.Norboyeva chiqish qildi. Forum qatnashchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, gender, ijtimoiy va oilaviy siyosat sohasidagi yutuqlarni amalga oshirishga qaratilgan yirik siyosiy dasturning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirildi.

Forumda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Armaniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Nepal delegatsiyalari ikki tomonlama va mintaqalararo darajada turli sohalardagi ayollar tashkilotlarining holati va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Delegatsiyalar ShHT doirasida mintaqalararo hamkorlikning yangi formatini qo‘llab-quvvatlashdi.
Tashrif dasturiga Butunxitoy Xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Butunxitoy xotin-qizlar federatsiyasi raisi Shen Yueyue, Ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari bilan uchrashuvlar va muzokaralar, shuningdek, turli sohalarda ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalar bilan tanishish kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter