Sherzod Qudbiyev «Buyuk Kelajak» ekspertlaridan biriga vazir maslahatchisi lavozimini taklif etmoqchi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Buyuk Kelajak» Xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti doirasida «KPMG» bilan hamkorlik qiladi. Shu bilan birga, «Buyuk Kelajak» Xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti ekspertlaridan biriga shtatdan tashqari vazir maslahatchisi lavozimi taklif etiladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Bizga ma’lum qilishlaricha, 28–29-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston — 2035» xalqaro forumida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyev vazirlikning qisqa muddatli strategiyasi haqidagi ma’ruzasi bilan chiqish qilgan. Muhim vazifalar orasida majburiy mehnatga, ayniqsa, yaqinda bo‘ladigan paxta yig‘im-terimi ishlariga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, mehnat muhofazasini kuchaytirish, tahliliy ma’lumotlarga yangi yondashuv hamda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyasini tasdiqlash chora-tadbirlari ko‘rsatilgan.
Forumda O‘zbekiston Respublikasining 2035-yilga qadar mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishning texnik vazifalarini tayyorlash doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan KPMG auditorlik kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi tuzilishiga erishilgan.
«Deloitte», «Ernst&Young» va «PwC» qatori «KPMG» ham Katta to‘rtlikning eng yirik auditorlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yaqin kunlarda vazirlikda auditorlik kompaniyasi ekspertlarining mehnat sohasidagi yetakchi mutaxassislar bilan uchrashuvi kutilmoqda.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Buyuk Kelajak» Xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotining bir yoki bir nechta ekspertlarini shtatdan tashqari vazir maslahatchisi o‘rniga jalb qilish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
— Biz xorijdagi yurtdoshlarimiz bilan har qachon hamkorlik olib borishga tayyormiz. Ulardagi boy va noyob tajribani O‘zbekistondagi mavjud mehnat va bandlik sohalarini isloh etish hamda rivojlantirish yo‘lida qo‘llashni istardik. Shuningdek, biz xalqaro uyushma va tashkilotlar bilan ham doimiy hamkorlik yuritishga tayyormiz. So‘nggi ikki oy ichida biz Xalqaro mehnat tashkiloti ishtirokidagi to‘rtta tadbirda qatnashdik, bu esa jadal ish sur’atlaridan nishonadir, — deya ta’kidlagan vazir Sherzod Qudbiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter