Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sherali Jo‘rayev mening otam» — Botir Qodirov nega sudlashayotganini ma’lum qildi

«Sherali Jo‘rayev mening otam» — Botir Qodirov nega sudlashayotganini ma’lum qildi

Xonanda Botir Qodirov nega Zohirshoh Jo‘rayev bilan sudlashayotgani, otasining janozasiga ham kiritishmagani haqida gapirdi.

«Sherali Jo‘rayev mening otam. Buni ko‘pchilik biladi. Bu yashiradigan narsa emasdi, lekin bunga sabab bo‘lgani uchun men ochiq aytmay kelayotgan edim. Ochiq aytmaganimning sababi 20 yoshimga qadar otam bilan munosabatimiz juda iliq bo‘lgan. Otam mendan xabar olib turgan. Yozgi ta’tillarda otamning ota hovlisiga, Asakadagi uyiga otamning onasini, otamni ko‘rgani borardim. Ular meni ko‘tarib katta qilishgan. Besh yoshimgacha, otam bilan onam ajrashgunigacha birga yashaganmiz. Men nikohli farzandman, shunga ham aniqlik kiritib qo‘yishim kerak, chunki har xil noto‘g‘ri fikrlar bo‘lyapti. Buni meni yaqinlarim, otamning yaqinlari juda yaxshi biladi, nikohga guvoh bo‘lganlar bor. Otam hozirgi oilasi qurguniga qadar biz birga yashaganmiz...

Otamning tinchligini buzmaslik uchun 43 yil indamay keldim. Otamning so‘zlarini ikki qilmaslik uchun indamay keldim.

Birinchi navbatda, muxlislardan otamning sha’niga yomon gaplar bo‘lmasligini so‘rayman. Otamni muhokama qilish mangamas, otamni yaxshi ko‘raman. Bundan keyin ham bu masalani ukalarim bilan kelishib olamiz, degan umiddaman. Sudga murojaat qilmasligim ham mumkin edi, buni xohlamaganman ham. Ammo oxirgi vaqtda bunga majbur bo‘ldim. Ukamiz Shohjahon tarafidan internet sahifasiga qo‘ygan «Sen kimdan dunyoga kelganingni bilmaydigan...» mazmunidagi mening va marhum onamning sha’niga tegadigan qattiq gaplar bo‘lgani uchun chidab tura olmadim.

Shuning uchun isbotlab berishga qaror qildim. Bilishadi, men ularning otasini tortib olishga urinmaganman. Vaholanki, ular mening otamni tortib olishgan, chunki men ulardan avval dunyoga kelganman va 5 yoshimgacha otam bilan yashaganman...

Shohjahonning gaplaridan keyin Asakadagi ota hovliga borib amakim bilan suhbat qilganman, videoga ham olingan. Unda amakim yoshligim haqida gapirib bergan. So‘ng Toshkentga kelib DNK tekshiruvidan o‘tganmiz va 95 foiz natija bilan men amakimning jiyanim ekani haqida xulosa berilgan. Shu dalillarni ukalarimga taqdim etib, gaplashib olishni istaganman. Otamning sha’niga yomon gap bo‘lmasin deb, oilaviy masala bo‘lgani uchun o‘zaro kelishib olishni aytdim. Lekin ular otamning janozasiga kelishni ham taqiqlashdi. Kepkalar kiyib, yashirinib, Ko‘kcha masjidida so‘nggi qatorlarda janozada qatnashdim. Farzandlik burchimni bajardim...

Bir joyda otamning qo‘shig‘ini aytsam, uyimga xat keladi: «mualliflik huquqini buzmang, deb». Sizlarning qancha haqqingiz bo‘lsa, mening ham shuncha haqqim bor deb ularni murosaga chaqirdim, ular xohlashmadi. Shundan so‘ng 6 oydan keyin sudga murojaat qildim...

Men meros talashayotganim yo‘q. Menga o‘zimniki yetarli. Faqat onamning sha’nini oqlamoqchiman...», deydi Botir Qodirov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring