Sher tishlab olgan bolaning holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi
Toshkent tumanida sher bolasi 3 yoshli qizchani tishlab olgani haqida xabar berilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida davolanayotgan bolaning ahvoli haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
7 aprel kuni soat 18:40lar atrofida mazkur shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi qabulxonasiga 2019 yilda tug‘ilgan bemor S.M. ota-onasi bilan birgalikda murojaat qilgan.
Navbatchi shifokor ko‘rigidan so‘ng u «Boshning tepa sohasida, o‘ng yelkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar» tashxisi bilan statsionar davolanish uchun yotqizilgan.
— Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi, — deydi muassasa bosh shifokori D.Sabirov. —Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanilib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi.
Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevrapatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.
Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr tomonidan «O‘tkir respirator infeksiya. Faringobronxit» tashxisi qo‘yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan.
Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i hamda Respublika bosh rabiologi tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter