Shayxga nega oliy jazo so‘ralmoqda? (2-qism)
«Arab bahori» davomida shayx Salmonga qo‘yilgan mamlakatdan chiqish ta’qiqi
Saudiya qiroli ushbu taqiqni bekor qilganidan keyin 2016-yil noyabr oyida xorijga safar qildi. U yana bir mashhur alloma Qarzoviyning ziyoratiga bordi. Bu safargi ziyoratidan maqsad alloma bilan fiqhiy masalalarni muhokama qilish va konseptual bahslar o‘tkazish emas, balki uning sog‘lig‘idan va oilasidan xabar olish, shu barobarida kutubxonada birga vaqt o‘tkazish, chin dildan suhbat qurish edi.
Ko‘rinishidan bu uchrashuv ikki zabardast ulamoning diydorlashuviga o‘xshasa-da, aslida juda katta ramziy ma’nolarga dalolat qilardi.
Shayx Salmon Avda Islom olamida Qarzoviy chizgan vasatiy yo‘lda uning o‘rnini bosuvchi nomzodlardan biri sanaladi. Uning o‘zi ham «vasatiy madrasasi»ga mansubligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Salmon Avda Qarzoviy boshchilik qiladigan Butun dunyo ulamolari ittifoqi raisining yordamchisi edi. Bularning barchasi hech qanday muxolifatga toqat qilolmaydigan qirollik uchun katta tashvish sanaladi.
Mavzuga oid: Shayxga nega oliy jazo so‘ralmoqda? (1-qism)
Ahmad Roysuniyning fikricha, Salmon Avda mintaqa va uning tashqarisida ta’sir doirasining kengligi, Qarzoviy va ittifoq bilan yaqin aloqalari, Turkiya bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgani va Qatar bilan sulh tuzishga chaqirgani sababli qamoqqa olingan.
Shuningdek, shayx Salmon bir nechta ilmiy tadqiqot o‘tkazadigan markaz va muassasalar asoschisi hamdir. Ular insonlarni fikrlashga, izlanishga chorlab keladi. Bunday muassasalarning eng ko‘zga ko‘ringani «Islom bugun» tashkiloti hisoblanadi. Shayx mazkur tashkilotga 10 yil boshchilik qildi, so‘ngra uni do‘sti Abdulaziz Toriyriyga topshirdi. U asos solgan tashkilotlardan yana biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni boshqalarga tanitish va tuhmatlardan himoya qilish maqsadida Quvaytda ochilgan «Nusrat» tashkilotidir. Unga qo‘yilgan 37 ayblovlardan biri mazkur tashkilot bilan bog‘liq.
Shayx Salmon Avdaning faoliyati faqat arab mintaqasi bilan chegaralanib qolgan emas. U Yevropada eng nufuzli Islom tashkilotlaridan biri — Yevropa fatvo kengashining ham a’zosi sanaladi.
Bularning barchasi hokimiyatda mutlaq hukmronlik qilishni xohlaydigan qirollik oilasining paytavasiga qurt tushirgani tabiiy. Shunday bo‘lmoqda ham.
(davomi bor)
Manba: azon.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter