Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi (to‘liq)
Mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Poytaxtimizdagi «Humo Arena» majmuasida o‘tkazilgan bayram tantanalarida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, butun O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan qutlagani haqida xabar bergandik.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi:
Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Shu tarovatli kunlarda tabiat uyg‘onib, go‘zal diyorimizga barchamiz orziqib, sog‘inib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda.
Ming yillar davomida ma’naviy hayotimizning ko‘rku ziynati bo‘lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bag‘ishlamoqda.
Azim poytaxtimizning markazida bunyod etilib, yaqinda foydalanishga topshirilgan muhtasham «Humo» koshonasida siz, azizlarni, sizlar orqali ko‘pmillatli butun xalqimizni Navro‘z bayrami bilan chin qalbdan tabriklashni o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman.
Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin!
Sharqona Yangi yilimiz – Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin!
Hurmatli do‘stlar!
Ayni shu betakror va dilbar faslda barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, vujudimizga yangi kuch-g‘ayrat, azmu shijoat kirgandek his etamiz. Necha yuz yillik an’ana va qadriyatlarimizni yangitdan kashf etamiz, qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bor anglaymiz. Va bundan qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi.
Bu yilgi Navro‘z bayrami ushbu muazzam saroyda o‘tayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor, albatta. Afsonaviy Humo qushi – ezgulik va baxt timsoli, Navro‘z esa bahor va baxt ayyomidir. Bu ikki ulug‘ timsol, ya’ni, Humo va Navro‘z falsafasi o‘zaro uyg‘un bo‘lib, hayotimizni yanada mazmunli va munavvar etgay, inshoolloh.
Aziz yurtdoshlar!
Barchamizga ma’lumki, Navro‘z – yangi kun, yangi fasl demakdir.
Bugun ona tabiat bag‘rida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda.
Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda.
Bu – erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlikning yangi, yuksak bosqichidir.
Bu – «Xalq manfaati hamma narsadan ulug‘» degan ezgu g‘oya amaliy ishlar bilan o‘z tasdig‘ini topayotgan davrdir. Yangi-yangi uy-joylar, zamonaviy korxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan davr bu.
Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam ko‘mak va yordam berish, mehr-oqibat ko‘rsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan davr bu.
Bu – jahon hamjamiyati bilan, eng avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik eshiklari keng ochilayotgan zamondir.
Bu – o‘zgarib, kuch-qudratga to‘lib borayotgan, dunyo ahli e’tirof etayotgan yangi O‘zbekistondir.
Ayni vaqtda bularning barchasi – biz tanlagan olis va mashaqqatli yo‘ldagi dastlabki qadamlardir.
Bugun ko‘pni ko‘rgan, mard va olijanob xalqimiz o‘zining fidokorona mehnati bilan, kelajakka mustahkam ishonchi bilan shonli tariximizning yangi sahifasini yaratmoqda.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday mehnatkash, matonatli, bag‘rikeng, Vatanga sadoqatli xalqimizga farzandlik mehrim bilan chin yuragimdan ta’zim qilaman.
Muhtaram do‘stlar!
Navro‘z o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda. Barchangizga ayonki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bilan 21-mart – butun dunyoda Xalqaro Navro‘z kuni sifatida keng nishonlanmoqda.
Fursatdan foydalanib, bizga hurmat va ehtirom ko‘rsatib, mana shu muhtasham koshonamizga tashrif buyurgan chet davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, barcha xorijiy mehmonlarimizni, olis va yaqin mamlakatlar xalqlarini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilashga ruxsat bergaysiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Bepoyon yurtimizni qamrab olgan xalq sayillarida bugun «Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!» degan ezgu tilaklar yangramoqda.
Haqiqatan ham, Navro‘z o‘zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg‘otmoqda. Islohotlar esa jamiyatni, xalqimizning ongu tafakkuri, beqiyos salohiyatini uyg‘otmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar ayni shu ulug‘ maqsadga – har kunimiz Navro‘z bo‘lishiga, ya’ni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon bo‘lishiga qaratilganini siz, azizlar yaxshi bilasiz. Biz shu yo‘lda o‘z oldimizga ulkan marra va vazifalarni qo‘ydik va ularni xalqimiz bilan birga albatta amalga oshiramiz.
Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqda. Barchamizning tilagimiz bitta: yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, mehnatingizdan baraka toping, qadrli do‘stlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
Munis opa-singillar!
Qadrli aka-ukalar!
Xalqimizning ishonchi va tayanchi bo‘lgan navqiron yoshlar!
Aziz farzandlarim!
Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin dildan tabriklayman!
Navro‘z har bir xonadonga, butun el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!
Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin!
Vatanimiz yanada obod, xalqimiz doim omon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter