Shavkat Mirziyoyevni yig‘latgan qiz Rossiyaga yuborildi
Shu yilning 14 may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo‘lib, u yerda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olgan edi.
Prezident tashrifi chog‘ida markazda davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdi. Ular orasida asli Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan, hozirda Uchtepa tumanida istiqomat qilayotgan Sabrina Insofaliyeva ham bor edi.
Ikki yildan beri o‘ng son orqa yuzasi neyrogen sarkomasi tashxisi bilan davolanib kelayotgan qizaloqqa Prezident bilan yuzma-yuz suhbatda chet eldan o‘ng chanoq-son bo‘g‘imiga protez olib kelishga va’da qilindi.
Prezidentning topshirig‘i bilan Sabrina hozirda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli N.N.Bloxin nomidagi onkologik markazda davolanmoqda. Bu haqda Uchtepa tumani hokimligi ma’lum qildi.
Sabrina kasallik tufayli bir oyog‘idan ajralgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, u yo‘l harakati xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lish istagida edi. 15 may kuni Sabrinaning oldiga Ichki ishlar vazirligi mas’ullari yo‘l harakati xavfsizligi xodimi maxsus libosi, IIV YHXBB faxriy a’zolik guvohnomasi hamda esdalik sovg‘alar bilan tashrif buyurishgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter