Shavkat Mirziyoyev videоselektor o‘tkazdi: pandemiya sharoitida turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
9-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videоselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi sharoitlar kengaytirilmoqda. Xususan, fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun «elektron viza» tizimi joriy etildi. Turizm uchun qiyin bo‘lgan joriy yilda sohadagi sub’yektlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.
Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari ziyorat turizmida targ‘ibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.
Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli shug‘ullanadi.
Hududlarda hali yetarlicha o‘rganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar ko‘pligi ta’kidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga 300 ta madaniy meros ob’yekti va ziyoratgohni restavratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.
Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo‘lgan moturidiya ta’limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada ko‘rsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Ro‘za va Qurbon hayitlari, Navro‘z, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.
Prezidentimiz pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020 yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021-yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Videoselektor yig‘ilishida turistik maskanlar va infratuzilma ob’yektlarini ko‘paytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bu borada o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Amirsoy» kurortining ikkinchi bosqichi, «Beldersoy-Chimyon-Nanay» xalqaro kurorti, «Xo‘jakent» dor yo‘li, 29 ta mehmonxona va dam olish maskanlari qurilmoqda.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda turistik salohiyati yuqori bo‘lgan 14 ta tuman, Xonobod va Angren shaharlarida turizmni jadal rivojlantirish dasturini amalga oshirish choralari belgilandi.
Yig‘ilishda aholini ommaviy sportga keng jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda aholimizning bor-yo‘g‘i 19 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan qamrab olingan. Aksincha, nosog‘lom turmush tarzi, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va nonni me’yoridan ortiq iste’mol qilish holatlari ko‘p uchraydi.
Koronavirus infeksiyasi, avvalo, yurak-qon tomir, nafas yo‘llari kasalligiga chalingan, ortiqcha vaznli fuqarolarda og‘ir kechgani hammaga ma’lum. Bu ham sog‘lom turmush tarzi va sportning ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi farmonida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha juda muhim chora-tadbirlar belgilangan edi. Jumladan, tuman markazlari va shaharlarda 3-5 kilometrlik «Salomatlik yo‘laklari» barpo etish vazifasi qo‘yilgan.
Yig‘ilishda shu boradagi manzilli ro‘yxatni shakllantirib, qurilish ishlarini boshlash, piyodalar va velosipedlar uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz joylarda sport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususiy sport inshootlari, «vorkaut», mini-futbol, badminton, stritbol maydonlari va fitnes zallari barpo etishga tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish kerakligi ta’kidlandi. Xususan, xalqaro mototur va velotur musobaqalari tashkil etiladi, buning uchun mamlakat hududlaridan Bo‘stonliq tumanigacha marshrut ishlab chiqiladi.
Aholi o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha sport sinovlarini yo‘lga qo‘yib, uning g‘oliblariga imtiyozlar berilishi belgilandi. Bu birinchiliklarni navbatda maktab o‘quvchilari o‘rtasida, bosqichma-bosqich aholi o‘rtasida tashkil etish kerakligi qayd etildi.
Ma’lumki, O‘zbekistondagi har bir tuman va shahar bittadan ustuvor, istiqbolli hamda rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirilgan. Mazkur tizimdan kelib chiqib, hududda yirik musobaqalar o‘tkazib turish va salohiyatli sportchilarni tarbiyalash muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi barcha sport federatsiyalari faoliyatini tuman va shaharlarga bog‘lagan holda tashkil etib, joylarda Olimpiya harakatini rivojlantirib boradi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter