Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: Ushbu mamlakatning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbdir

Shavkat Mirziyoyev: Ushbu mamlakatning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbdir

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan tadbir Istanbuldan janubi-sharqda joylashgan hamda Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Demokratiya va erkinlik orolida bo‘lib o‘tdi.

Kengash majlisida, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo, investitsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqining avvalida O‘zbekiston Turkiy Kengash nomini «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartirish hamda Turkmanistonga tashkilotda kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi tarixiy qarorlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu muhim qadamlar tashkilot faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishi qayd etildi.

Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ekologiya bilan bog‘liq muammolar tashkilotga a’zo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari mamlakatlarimiz hamkorligining ulkan salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va tashkilotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari kengayishi uchun qulay va jozibador sharoitlar yaratish bosh ustuvor vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlar darajasida emas. Tahlillarga ko‘ra, 2020-yilda Kengashga a’zo davlatlarning jami importi 420 milliard dollarga teng bo‘lgan, ular o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmi esa 21 milliard dollarni tashkil etgan.

Shu bois, uchinchi davlatlarning mahsulotlarini tashkilotga a’zo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlar hisobidan qoplash eng dolzarb vazifa ekani qayd etildi.

Bu borada mavjud imkoniyatlarni har tomonlama o‘rganish maqsadida Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu markaz savdo to‘siqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni keng joriy qilish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Prezidenti transport va tranzit sohalarini rivojlantirish hamkorlikning muhim yo‘nalishi ekani, Tashkilotdagi mamlakatlarning savdo-iqtisodiy sherikligi kengayishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bugungi vaziyat Xitoydan Yevropagacha mamlakatlarimiz hududlari orqali o‘tgan transqit’aviy transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish va yangilarini yaratishni taqozo etmoqda.

Bu borada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi»ni ishlab chiqish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishga chaqirdi. Bu borada qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun a’zo davlatlardagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida Injiniring va texnologiyalar markazlari tashkil etish taklifi bildirildi. Kelgusi yili O‘zbekiston Turkiy davlatlar sanoat haftaligini o‘tkazishga tayyor ekani ma’lum qilindi.

Kengashning mazkur sammiti uchun «Raqamli asrda yashil texnologiyalar va «aqlli» shaharlar» mavzusi tanlanganini hisobga olib, Prezidentimiz «aqlli» shaharlarni yaratishda tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platformani tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu borada ilk qadam sifatida 2022-yilda ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi, uning Tashkilot mamlakatlariga ta’sirini yumshatish masalasi va Orol dengizining qurishi keltirib chiqarayotgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Ekologik halokatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish, ular tarqalishining oldini olish uchun Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolbo‘yining ekologik fojiadan eng ko‘p jabr ko‘rgan tumanlaridan birida joylashtirish g‘oyasini ilgari surdi.

O‘zbekiston Prezidenti turizmni rivojlantirish mavzusiga alohida urg‘u berib, «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’yektlarini saqlash va tiklash masalalari, sohadagi hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarini qamrab olgan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari bu galgi sammit davomida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirib, tashkilotga a’zo mamlakatlar fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarni tadqiq va tarjima qilish, ularning yagona elektron bazasini yaratish muhimligini ta’kidladi.

Birgina O‘zbekiston fondlarida tashkilot mamlakatlarining mushtarak tarixi va madaniyatiga aloqador 200 mingdan ortiq noyob qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Shu munosabat bilan Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.

Yoshlar tashkilotga a’zo mamlakatlar aholisining katta qismini tashkil etayotgani, yosh avlodning xalqlarimiz hayoti va taqdiridagi, o‘zaro munosabatlarimiz rivojidagi o‘rni tobora ortib borayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kreativ g‘oya va loyihalarini rag‘batlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan ta’sirlardan asrab-avaylash barchamizning asosiy vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2022-yilni Turkiy dunyoda «Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilishni taklif etdi. Uning doirasida birgalikda aniq chora-tadbirlardan iborat qo‘shma dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish, mazkur masalani navbatdagi sammit kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif etildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida barchaning e’tibori markazida turgan Afg‘onistondagi hozirgi murakkab vaziyatga to‘xtaldi.

– Ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbdir.

Afg‘onistonning yangi Hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil bo‘lishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sammit yakunida tashkilotga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o‘tishi va Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat – sammitning yakuniy deklaratsiyasini, «Turkiy dunyo nigohi – 2040» dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzoladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring