Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi forumda Ukraina va Falastin masalasiga to‘xtaldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zladi.
Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda.
"Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalarga e’tibor kamaymoqda. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim.
Biz Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarur, deb hisoblaymiz va Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni olqishlaymiz.
Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyusiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir.
Global kun tartibidagi yana bir masala – bu qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim. Zero, mazkur mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon-atrofdagi barcha mintaqalarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omildir", deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga borib, YaIMni 200 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter