Shavkat Mirziyoyev: «Tartib-intizom bo‘lmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari Akmalovni ishdan olishga majbur bo‘ldim»
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Kun.uz» xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, shu yilning 25-may kuni lavozimidan ozod qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksining rahbari Akmalov Qahramon Valiyevich nima uchun ishdan olinganiga oydinlik kiritdi:
«— Eksportni rag‘batlantirish va yengillashtirish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilindi. Albatta, ko‘p hududlar va tarmoqlarda eksport hajmi ko‘paymoqda, desak adolatdan bo‘ladi. Lekin bizning shuncha qilgan choralarimiz bugungi natijaga to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, ayrim tarmoq va hududlar rahbarlarining o‘z mas’uliyatini yetarli darajada sezmayotgani natijasida eksportni ko‘paytirish bo‘yicha rezervlar to‘liq ishga solinmayapti. 25-may holatiga — 4 mlrd. 576 mln. dollarlik eksport amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘p, lekin bizning hisob-kitoblarimiz bo‘yicha yana 25 foiz yetmayapti.
Shuni hamma rahbarlar bilishi kerak — tartib-intizom bo‘lmagani uchun bosh vazir o‘rinbosari Akmalovni ishdan olishga majbur bo‘ldim. Nega Akmalov ishdan olindi? Sababi aravani torta olmayapti. Men har safar aytmoqdaman: rahbarlik lavozimi hammaga sinov! Amal degani — Bosh vazir o‘rinbosari juda katta mas’uliyatli odam. Lekin bir joyda bir oy yurib, bironta taklif bermasa, quruq majlislar o‘tkazib yuraversa, menga unday odam kerak emas. Shuning uchun men Abduhakimovni (Aziz Abduhakimov nazarda tutilmoqda — «Xabar.uz») eng og‘ir sohalarda bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlashga majbur bo‘ldim. Sababi men Abduhakimovga shaxsan o‘zim ishonaman. To‘g‘ri uning sohasi emas, lekin fidoyiligi, o‘zini qiynashi bilan shu sohani o‘rganadi. Menga soha emas, balki vatanparvarlik, sadoqat kerak», — deb aytgan O‘zbekiston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 28-may kuni Aziz Abduhakimov Qahramon Akmalov o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksining rahbari etib tayinlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter