Shavkat Mirziyoyev: «Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi»
Bugun, 21-iyun kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisi vaqtida chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida gapirdi, deb xabar bermoqda «Kun.uz».
Ushbu majlisda O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Otabek Murodovga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum qilingandi.
Prezident prokuraturaning sobiq rahbarlarini tanqid qildi.
Sobiq bosh prokurorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida gapirar ekan, Shavkat Mirziyoyev rahbarlardan «100 ming, 50 ming dollar» miqdorida pullar olinganini aytib o‘tdi.
«Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman.
Men Murodovga ishonch bildirgandim.
Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da!
Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, Otabek Murodov 2018-yilning yanvarida DXX rahbarligiga o‘tgan Ixtiyor Abdullayev o‘rniga Bosh prokuror bo‘lgandi. Kecha, 20-iyun kuni u lavozimdan ozod etilib, Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev yangi bosh prokuror etib tayinlandi.
Bu so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘ldi. 2000-yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015-yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagandi. Abdullayev 2018-yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagandi. Ayni vaqtda ushbu sobiq bosh prokurorlarning barchasiga qarshi jinoiy ochilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter