Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida muhim takliflarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zladi.
Hurmatli Vladimir Vladimirovich!
Hurmatli davlat rahbarlari!
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining barcha ishtirokchilarini chin dildan qutlayman.
Ushbu uchrashuvimiz tashkil etilgani uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy minnatdorligimni yo‘llayman.
Rossiyaning ShHTdagi raisligi pandemiya keltirib chiqargan barcha qiyinchiliklarga qaramay g‘oyat samarali bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Bugun ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan hujjatlar, shubhasiz, Tashkilotimizning roli va xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hurmatli Sadir Nurxojoyevich Japarovning sammitimizda ko‘rib turganimdan mamnunman.
O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘iziston xalqini tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasining faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi kunda ShHT o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishiga olib kelgan pandemiya rivojlanishimiz sur’atlariga juda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan bir qatorda, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashyapti, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda.
Ushbu global xatar va tahdidlarni yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarimizni asrash va ko‘paytirish yo‘li bilangina yengib o‘tish mumkin.
Umumiy qadriyatimiz, birgalikda taraqqiyotga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi – «Shanxay ruhini» mustahkamlash bugun har qachongidan muhim.
Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT ham kuchli bo‘ladi.
Buning uchun bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz muhimdir.
Bugun aynan shunday yondashuv Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlashning bosh shartiga aylanmoqda.
Bu mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlari va intilishlariga mosdir.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
ShHTning dolzarb vazifalari yuzasidan nuqtai nazarimizga qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.
Birinchidan. Iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida e’tiborni talab qilmoqda.
Asosiy maqsadimiz – savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish.
Bunga erishishning eng samarali usuli o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan iboratligiga ishonaman.
Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni rivojlantirishga yangi, shu jumladan, «nostandart» yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etaman.
Ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha ShHT rejasining asosi bo‘lishi lozim.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish hayotiy muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturini qabul qilish tarafdorimiz.
Ikkinchidan. Pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sish «drayveri»ga aylanib bormoqda.
O‘zaro kelishilgan o‘quv dasturlari asosida aholini o‘qitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ShHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.
Ushbu sammitning Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikka doir bayonoti o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblaymiz.
Uchinchindan. Bugungi sharoitda birgalikdagi sa’y-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish muhimdir.
Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmini yaratish zarur, deb o‘ylayman.
ShHTga a’zo davlatlarning ushbu yo‘nalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda xalqaro forum o‘tkazishni taklif etaman.
Ushbu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Xitoy Xalq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foydali bo‘lishiga ishonaman.
To‘rtinchidan. Mamlakatlarimizda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshish kurashish ko‘lamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.
Bugun insoniyat avval ma’lum bo‘lmagan infeksiyalar bilan to‘qnash kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan bugungi sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlaymiz.
Uning amalga oshirilishini ta’minlash, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta’sirchan almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimdir.
Mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratishni taklif etamiz.
Ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Fursatdan foydalanib, barcha sheriklarimizga, avvalo, Rossiya va Xitoyga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan katta yordam va ko‘mak uchun minnatdorlik bildiraman.
Pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etio‘ zarurati ham ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan Teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda teletibbiyot usullariga o‘qitish hamda ushbu sohadagi ilg‘or tajriba almashishni nazarda tutish muhim.
Beshinchidan. Bugungi sharoitda terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari nafaqat susaymayapti, balki kuchayib, yangi shakllar kasb etmoqda.
Yoshlarni yollash va radikallashtirish, terrorchilarni moliyalashtirishda axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda.
Shu ma’noda, ShHTning Mintaqaviy aksilterror turizmasini Tashkilot makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan vakolatli idoralarning amaliy muloqotlarini bir necha barobar ko‘paytirish, hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.
Joriy vaziyatni muntazam muhokama qilish, shu jumladan axborot makonidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi qo‘shma chora-tadbirlarni kelishish muhim.
Pirovardida, ShHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga umumiy hissamiz shunga bog‘liqdir.
Bayon etilgan barcha yo‘nalishlarda kuzatuvchi mamlakatlar, muloqot bo‘yicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishni taklif etamiz.
Muhtaram davlat rahbarlari!
Bugun Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchilikka erishish bo‘yicha tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik har qachongidan muhimdir.
Ushbu mamlakatdagi xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun ShHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashning muhim tarkibi qismi sifatida qaralishi lozim.
Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan ShHT mamlakatlarining sa’y-harakatlari tufayli Afg‘onistonda nizoni tinch yo‘l bilan tartibga solishda umid bag‘ishlovchi istiqbollar ko‘rinmoqda.
Tinchlikka erishish, Afg‘oniston xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi ushbu ijobiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimdir.
Ishonchim komilki, Afg‘onistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishi ham ushbu mamlakatning tinch, barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan «ShHT-Afg‘oniston» muloqoi guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish tarafdorimiz.
Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslari ShHTning barcha mamlakatlari uchun yangi istiqbollar ochadi.
Shu va boshqa masalalarni 2021-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida muhokama qilishni taklif etaman.
Shu bilan bir qatorda kelgusi yilda, Tashkilotimiz tashkil etilganining 20 yilligi arafasida, «ShHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidiga roli» xalqaro konferensiyasini o‘tkazish taklifini ilgari surmoqchiman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Tojikiston Prezidenti Emomali Sharipovich Rahmonni ShHTdagi raislikni qabul qilgani bilan tabriklash hamda ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishda katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter